Poytaxtimizda Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan joriy yil 6 oyida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, Kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri yer va kadastr nazorati ishlarini amalga oshirish hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashga erishish hisoblanadi.
Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari, uning tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 5 ming 638 ta elektron, yozma va og‘zaki murojaat kelib tushgan. Sohaga oid masalalar yuzasidan 6 ta tumanda sayyor qabul o‘tkazildi. Bunda jami 38 ta murojaat o‘rganib chiqilgan, ularning 23 tasi ijobiy hal etilgan va 15 tasi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Yer nazorati bo‘yicha 6 oy davomida Yer va kadastr nazorati bo‘limlari inspektorlari tomonidan Toshkent shahri tumanlari hududlarida umumiy 837 ta yer qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Bunda o‘zboshimchalik bilan yer maydonlarini egallab olish yuzasidan 370 ta holatda 10 milliard 905 million 150 ming so‘m, Yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish yuzasidan 22 ta holatda 26 million 340 ming so‘m hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmaganlik yuzasidan 445 ta holatda 1 milliard 449 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Jami 837 nafar qoidabuzarga nisbatan 12 milliard 380 million 490 ming so‘m jarima qo‘llanilib, shundan fuqarolarning murojaatlariga ko‘ra sud organlari tomonidan 1 milliard 517 million so‘mga jarima summasi kamaytirilgan.
Shuningdek, tadbirda Toshkent shahrida joylashgan avtobus oraliq bekatlarida amalga oshirilayotgan xatlov ishlari xususida ham ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi bilan birgalikda Toshkent shahrida joylashgan oraliq avtobus bekatlarida xatlov ishlari o‘tkazilib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari va unda qurilgan qurilmalarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, jami 653 ta avtobus oraliq bekatlari xatlovdan o‘tkazildi. Shundan, 230 ta holat bo‘yicha yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlanib, 24 ta holatdan aniqlangan yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etildi. 47 ta holat bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarini bo‘shatish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Kiritilgan da’vo arizalaridan 41 tasi qanoatlantirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA