Amerikada ham ishlab, ham o‘qiyotgan suhbatdoshimiz Hojiakbar Mo‘minov asli toshkentlik. U O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minovning nevarasi, taniqli aktyor Tolib Mo‘minovning farzandi. Hozirda 22 yoshli qahramonimizning 30 dan ziyod shogirdlari bor.
Hojiakbar Mo‘minov AQSHdagi Sinclair Community College’da raqamli marketing bo‘yicha tahsil olyapti. Raqamli marketing va targeting bo‘yicha maslahat va yordam so‘rab murojaat qiladigan o‘zbekistonlik va amerikaliklarga shu sohada maslahatlar beradi. Asosiy maqsadi ularning bizneslarini yangi, yanada foydali darajaga olib chiqish va rivojlanishiga hissa qo‘shish.
Hojiakbar asosan zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, onlayn savdo platformasini tashkil etish bilan shug‘ullanadi. U yaratgan loyihalarga borgan sayin talab ortib bormoqda.

— O‘zbekistondagi qaysi universitetni tugatgansiz? U universitet sizning keyingi hayot yo‘lingizda nimalarni o‘rgatdi?
—Men O‘zbekistondagi eng nufuzli universitetlardan biri bo‘lgan Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetida tahsil oldim. Bu universitet menga nafaqat akademik bilimlar, balki hayotda kerak bo‘ladigan zarur ko‘nikmalarni ham o‘rgatdi.
Universitetda o‘qish davomida men faqatgina marketing va biznes sohasidagi nazariy bilimlarni emas, balki haqiqiy amaliyotni ham o‘rgandim. Shuningdek, universitet menga bir qancha do‘stlar va hamkasblar topishga yordam berdi, ular bilan turli loyihalarda hamkorlik qilishga sabab bo‘ldi. Bu juda katta tajriba va imkoniyatlar eshigini ochdi.
Universitetda o‘qish jarayonidagi erkin fikrlash, muammolarni hal qilishga kreativ yondashuv, yangi g‘oyalarni amalga oshirishga intiluvchanlik kabi ko‘nikmalar mening keyingi hayotimga yo‘l ochdi va muvaffaqiyatli bo‘lishga turtki berdi.
— Aksariyat talabalarning shartnoma pulini ota-onasi to‘lab beradi. Siz esa o‘zingiz to‘lab o‘qigan ekansiz. Bunga qanday erishgansiz? Talaba pul topish uchun ham ishlab, ham o‘qisa bu uning o‘qishlariga ta’sir qilmaydimi?
— Ha, boshida men ham boshqa talabalar kabi ota-onam yordamida o‘qishimni boshlaganman. Dastlab 1,5 yil davomida shartnoma pullarini otam to‘lab berganlar. Ammo o‘sha vaqtdan boshlab men o‘z oldimga maqsad qo‘ydim: tezroq mustaqil bo‘lish, ishlab pul topish va o‘qishim uchun to‘lovlarni o‘zim qoplash. Bu maqsad mening harakatim va mehnatsevarligimning asosiy turtkisi bo‘ldi. Tinmay mehnat qilib, o‘zimni marketing va biznes sohasida rivojlantirdim va bu orqali pul topa boshladim.

Bosqichma-bosqich daromad manbalarini yaratib, tarmoqda aloqalarni kengaytirib ishlash natijasida, shartnoma to‘lovlarimni va kundalik xarajatlarimni o‘zim qoplay boshladim. To‘g‘ri tashkil etilgan vaqt boshqaruvi va ishga to‘g‘ri yondashuv sababli, bu jarayon mening o‘qishimga emas, aksincha, bilimlarimning yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.
— O‘zbekiston yoshlari uchun qanday manfaatli loyihalaringiz bor?
— Men yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning shaxsiy hamda kasbiy rivojlanishiga yordam berish maqsadida bir qator loyihalarni amalga oshiryapman. Ulardan biri – raqamli marketing bo‘yicha bepul onlayn master-klasslar o‘tkazish. Bu loyihada yoshlarimiz internet orqali qanday qilib daromad topish, kichik biznesini yo‘lga qo‘yish va bozorda o‘z o‘rnini topish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, men O‘zbekistondagi yoshlarning yangi va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun startap inkubatori loyihasini yaratish niyatidaman. Bu inkubator yosh tadbirkorlarga o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirishda, ularni marketing, sotuv, moliya va boshqa sohalarda rivojlantirishda zarur bo‘lgan bilim va vositalar bilan ta’minlashga qaratilgan.
— Siz ikki ijodkorning ham nabirasi, ham o‘g‘lisiz. Ya’ni, aslida san’atkorlar oilasida ulg‘aygansiz. Ayting-chi, AQSHda yoshlarning teatr va kinoga e’tibori qanday? Yoki Amerika kinolari boshqalar uchun yaratiladimi?
— Ha, men san’atkorlar oilasida ulg‘ayganman va ijodga nisbatan bo‘lgan mehrim shuning natijasi. AQSHda yoshlar teatr va kinoga katta e’tibor berishadi. Bu yerda teatr va kino nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki madaniy va ijtimoiy masalalarni muhokama qilishning asosiy yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi. Amerika kinolari, shubhasiz, dunyo bozori uchun yaratiladi.
Ular yuqori sifatli texnologiyalar, raqamli effektlar va global mavzularni qamrab olgan. Shuning uchun ham Gollivud dunyoda yetakchi film industriyalaridan biri hisoblanadi. Ammo shu bilan birga, AQSHda yoshlar o‘z milliy madaniyati va tarixini ham unutishmaydi, buni mahalliy teatr va kino asarlarida ko‘rish mumkin.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi