Tuganmas xazina
Dunyo ilm-fani hamon uning kashfiyotlarini o‘rganmoqda, tadqiq etmoqda. Koinot, astronomiya, ilg‘or axborot texnologiyalari va boshqa zamonaviy ilm-fandagi kashfiyotlar buyuk alloma bobomiz Mirzo Ulug‘bekning ma’naviy merosi, zahmatli izlanishlariga tayanadi.
Muhammad Tarag‘ay ibn Shohruh ibn Temur Ulug‘bek Ko‘ragoniy (1394-1449) – buyuk astronom va matematik, o‘z davrining atoqli allomasi, davlat arbobi, Movarounnahrni 1409-1449 yillarda, ya’ni, qirq yil davomida boshqargan buyuk zot. Bolalikdan juda zukko va abjir bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nainki ilmiy boyligi, balki odamiyligi, ma’rifatga intilgani, ilm ahliga cheksiz himmati, adolatpeshaligi bilan ham tarixda nom qoldirgan.
Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay) 1394 yil 22 mart kuni tavallud topgan. Buyuk ajdodimiz shaxsiyati, u yashagan g‘oyat ziddiyatli va qaltis davr, Ulug‘bek to‘plagan bebaho va beqiyos ilmiy boylik, olimlikni shohlikdan ustun bilgan zakiy insonning kechmishlari, ko‘rguliklari bilan nainki bizni, balki dunyoni tanitishda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning "Ulug‘bek xazinasi" romanining ahamiyati g‘oyat kattadir.
Oltmishdan ortiq tillarga tarjima etilgan bu asarning yaratilishi haqida Odil Yoqubovning o‘g‘li, iqtisodchi olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Iskandar aka Yoqubov bilan suhbatlashdik.
- Iskandar aka, tarixiy asarni yaratish g‘oyat murakkab, o‘ta mas’uliyatli jarayon. Adabiy jamoatchilik, umuman, dunyo kitobxonlariga Mirzo Ulug‘bek bobomiz haqida atroflicha ma’lumot bergan "Ulug‘bek xazinasi" romanining yaratilishi tarixi qanday? Vaholanki, sho‘rolar davrida xalqning milliy o‘zligini anglashga, milliy uyg‘onishga chorlovchi tarixiy asarlar yaratilishiga o‘sha davr mafkurasi ko‘p ham rag‘bat bildiravermasdi...
- Darhaqiqat, otamiz, xalqimizning suyukli adibi Odil Yoqubovning "Ulug‘bek xazinasi" romani dunyo xalqlarining 60 dan ortiq tillariga tarjima etilgan. O‘z davrida mazkur asarga Chingiz Aytmatov, Mustay Karim, David Qug‘ultinov, Rasul Hamzatov, O‘ljas Sulaymonov, Muxtor Shoxonov, Valentin Rasputin, Viktor Astafev kabi adabiyot darg‘alari yuksak baxo berganlar. Shu bilan birga o‘z davrining eng o‘qimishli nashrlari - "Ogonyok", "Literaturnaya gazeta", "Novыy mir", "Drujba narodov" kabi nashrlarda ham ushbu roman haqida rostgo‘y fikrlar aytilgan Shuningdek, Bo‘riboy Ahmedov, Ibrohim Hamroboyev, Ibrohim Iskanderov, Vosil Qobulov, Ahmadali Asqarov,
Rahim Bekjonov, Po‘lat Habibullayev, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, bugungi kunda adabiyotimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotgan ijodkorlar adabiyotshunos Naim Karimov, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, atoqli olimlar Saidahror G‘ulomov, Qalandar Abdurahmonov va boshqa yana ko‘plab ilm-fan, adabiyot darg‘alari tomonidan iliq fikrlar bildirilgan. Buni qarangki, hurmatli akademiklarimiz bu romanning mehnatini to‘rtta-beshta doktorlik dissertatsiya ishi bilan tenglashtirganlar.80-yillar oxiri, 90-yillar boshi xalq hayoti qiyin bo‘lgani bois O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga akademiklikka saylanishga rozilik bermaydilar.
--"Ulug‘bek xazinasi"ning yaratilishiga nima turkti bo‘lgan?
- Otamizning xotirlashlaricha, "Diyonat" romani ustida ishlayapgan vaqtlari edi. Uning yarmini yozib tugatgach, negadir adibning ijodiy ishi siljimay qoladi. Bunday paytlarda odam qanday ahvolga tushishini tasavvur etish qiyin emas. Shunday noxush kunlarning birida otamiz tunda uyqudan bosinqirab uyg‘onadilar. Ular tushlarida "Qachongacha g‘aflatda yotasan? Nega o‘tgan bobolaring haqida yozmaysan? Buni kim, qachon yozadi?" degan qat’iy da’vatni eshitadilar. So‘ng ancha vaqtgacha boshqacha bo‘lib yuradilar. Xuddi shunday kunlarning birida "Izvestiya" gazetasida yozuvchi va publitsist Irakliy Andronnikovning Mirzo Ulug‘bek haqida qimmatli bir maqolasi chop etiladi. Unda Mirzo Ulug‘bek bobomizning beqiyos kashfiyotlari bilan birga rasadxonasidagi noyob kutubxonasi haqida ham fikr yuritilgandi. Ulug‘bekka xiyonat sodir etilgan o‘sha mudhish kunlarda kutubxonadagi nodir kitoblar qaysidir g‘orga yashirib ulgurilgani xususida aytilgandi maqolada. Shuni o‘qigach, otamning tinchi yo‘qoladi. Adib ma’rifat bilan jaholat o‘rtasidagi kurash avj olgan o‘sha murakkab davr bilan qiziqa boshlaydi.
Tarixiy asarlar, akademiklar Bartold, Bertels asarlarini mutolaa qiladilar. Arab tilini o‘rgandilar. Shu bilan birga Sharqshunoslik institutining fondida saqlanayotgan manbalar bilan batafsil tanishdilar. Ko‘plab qo‘lyozmalarni o‘qidilar. Domla Maqsud Shayxzodaning "Mirzo Ulug‘bek" dramasini qayta-qayta mutolaa etadi. Lekin roman adibga seldek quyilib kelgan ekan. Otamiz uni bir yarim yil davomida yozib tugatadilar. Keyin tarixchi olimlarga (Bo‘riboy Ahmedov,Iso Jabborov) o‘qitishga beradilar. Qo‘lyozma bilan tanishgach, Bo‘riboy Ahmedov "Tuzuk, lekin zamon ruhini, o‘rta asrga xos tilimizni bera olmabsiz" deydi. Otam juda xafa bo‘ladilar.Qo‘lyozmani tashlab qo‘yadilar. Qaytib unga qaramaydilar.Undan ko‘ngillari sovib ketadi. Oradan biron yillar o‘tgach, Odil Yoqubov Qur’oni Karimni mutolaa qiladilar.Yangicha bir ruh, boshqacha kuch-g‘ayrat bilan "Ulug‘bek xazinasi"ga qaytadilar.Garchi asarning tuzilishi, mazmun-mohiyatini o‘zgartirmagan bo‘lsalar-da, uni to‘liq qayta yozib chiqadilar. Tahrir nihoyasiga yetgach, o‘sha tarixchi olimga beradilar. U romanni o‘qib chiqqach, "Bu asar xuddi mana shu ruhda yozilishi kerak edi!" deydi.
- "Ulug‘bek xazinasi"ning bu qadar ommalashuvi, turli tillarga tarjima qilinishining, hamon kitobxonlar tomonidan qiziqib o‘qilishining sababi nima? Temuriyzodalar , jumladan Mirzo Ulug‘bek xazinasi taqdiriga qiziqishmi?...
- Aslida temuriylar boyligi, ayniqsa Mirzo Ulug‘bekning bashariyatga, insoniyatga qoldirgan xazinasi uning ilm-fandagi ko‘plab kashfiyotlarga turtki bergan nodir asarlari, shogirdi Ali Qushchi tomonidan saqlab qolingan, qirqta tuyaga yuk bo‘lgan bebaho kitoblarida mujassam. "Ulug‘bek xazinasi" kitobxonni muayyan tarixiy davrdagi o‘ta murakkab, ziddiyatli, qaltis jarayonlar bilan tanishtiradi. Shunindek, unda buyuk astronom, matematik, faylasuf, bir so‘z bilan aytganda, buyuk mutafakkir Ulug‘bek Mirzoning murakkab hayoti, og‘ir kechmishi, hanuz bahs va munozaralarga to‘la taqdiridan boxabar etadi.
Mirzo Ulug‘bek haqidagi bu asar orqali xorijdagi kitobxon O‘zbekistonni tanidi. Asar asosida o‘z vaqtida ko‘p qismli telespektal, badiiy film suratga olingan. Ulug‘bek merosi bugun ham uning "Ziji Ko‘ragoniy" va boshqa asarlari orqali dunyoning yetakchi ilmiy markazlari, universitetlar, tadqiqot muassasalari tomonidan qizg‘in o‘rganilmoqda. Fanning eng ilg‘or jabhalarida qo‘llanilmoqda. Yirik kashfiyotlarga zamin yaratmoqda. Ulug‘bekning ilmiy-ma’rifiy xazinasi insoniyatga ma’murlik, farovonlik, taraqqiyot, yengillik baxsh etmoqda. Undan bugun ham kurrai zaminimiz bahramand bo‘lmoqda. Bu boylik yo‘lchi yulduzdek ilm-ma’rifat yo‘lini yoritmoqda.
Otam "Tarix bir bahona. Tarixiy asar bugungi kunga xizmat qilmasa, uning qadri unchalik baland bo‘lmaydi", der edilar. Darhaqiqat, "Ulug‘bek xazinasi" bir yumalab paydo bo‘lgan asar emas! Sho‘ro davrida bunday asarlarning chiqishi juda qiyin kechgan. Sababi odamlarda milliy ong, milliy tuyg‘ularning uyg‘onishidan hukmron davr manfaatdor bo‘lmagan! "Ulug‘bek xazinasi" sadoqat va xiyonat, ezgulik va yovuzlik, ma’rifat va jaholat o‘rtasidagi muttasil kurashdan so‘zlaydi.
Shukrki, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijodkor ziyolilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mamlakatimizda milliy taraqqiyotning muhim poydevori sifatida ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugun ijod ahli badiiy puxta asarlar yartatish yo‘lida muttasil qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buyuk ajdodlarimiz merosiga munosabat tubdan o‘zgardi. "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasidagi "Shon-sharaf" muzeyi, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi muzeyda Odil Yoqubov hayoti va ijodiga oid ekspozitsiya tashkil etildi. Garchi "Ulug‘bek xazinasi" 60 dan ortiq tillariga tarjima etilgan bo‘lsa-da, otamga muallif sifatida qalam haqining juda oz miqdori yetib kelgan. Lekin nima bo‘lganida ham, "Ulug‘bek xazinasi" buyuk bobomizga o‘rnatilgan ulkan ma’naviy haykal kabi adabiyot muxlislari qalbidan mustahkam o‘rin olishga muvaffaq bo‘lgani eng katta yutuq. Bu asar o‘zbek adibining Mirzo Ulug‘bek zakosiga cheksiz ehtiromi, mehri va hurmatining yorqin namunasi bo‘lib jahon va milliy adabiyotimiz xazinasidan o‘rin oldi.
- Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.