Til bu-millatlarni bir-biridan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biridir. Har bir inson o‘z ona tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi.
1989 yilning 21 oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga — Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, 2020 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Qonunga asosan, 21 oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilangan.
Ushbu sana munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJda "Qadring baland bo‘lsin Ona tilim" shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Ahmedov Xoshim Hakimovich ma’ruza qildilar.
Tadbirda videokonferensaloqa orqali Boshqaruv mutaxassislari hamda hududiy filiallar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
O‘zaro erkin va ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda o‘zbek tilining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, davlat tili maqomi berilishidagi murakkabliklar va bugungi kunda til siyosatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida fikr bildirildi.
Tadbir so‘ngida filial xodimlari tomonidan qiziqarli savol javoblar bo‘lib o‘tdi.
O‘zA