2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini shakllantirish tartibi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
a) bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;
b) ta’lim sohasi murakkabligi, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
v) ta’lim sohasi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
g) oliy ta’lim tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan, soatbay to‘lovlar, yagona ijtimoiy to‘lov hamda ish haqiga tenglashtirilgan boshqa turdagi to‘lovlar;
d) oliy ta’lim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi;
j) oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra oliy ta’lim tashkilotining darajasi;
z) oliy ta’lim tashkilotining hududiy mansubligi;
i) oliy ta’lim tashkilotini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar.
2027-yildan boshlab davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirishning quyidagi yangi tartibi joriy etiladi:
a) ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish hajmining 50 foizidan kam bo‘lmagan qismi ustuvor yo‘nalishlardagi ilmiy-tadqiqot loyihalariga yo‘naltiriladi;
b) ustuvor yo‘nalishlarga oid ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-texnik kengash ekspertizasi. Bunda loyiha mavzusi bo‘yicha yetakchi tarmoq (soha) korxonasining ijobiy xulosasi talab etiladi;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasida nufuzli xorijiy tashkilot va (yoki) xalqaro miqyosda tan olingan reytinglarda eng yuqori 300 talik ro‘yxatdagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotining ijobiy xulosasi. Bunda Innovatsion rivojlanish agentligiga ushbu tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi;
ilmiy kadrlarni tayyorlash nazarda tutilganligi, bundan innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihalari mustasno;
v) ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish:
har yili aprel oyida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov yakuni bo‘yicha amalga oshiriladi;
loyiha bo‘yicha belgilangan asosiy yillik samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilgan taqdirda, kelgusi davr uchun moliyalashtirish davom ettiriladi.
Farmon bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant (o‘qish xarajatini qoplash va maxsus stipendiya) berishni nazarda tutuvchi "Yangi O‘zbekiston stipendiyasi" dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida "Study in Uzbekistan" platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Chet el fuqarolarini "Study in Uzbekistan" platformasi orqali o‘qishga qabul qilishda qabul shartlari va tartibi oliy ta’lim tashkiloti tomonidan mustaqil belgilanadi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
O‘zA