2026-yil 1-iyundan boshlab avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni chegara bojxona postlarida berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni chegara bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasiga xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Xalqaro yo‘nalishlarda qatnovni rejalashtirish uchun avtotransport vositasiga yuk ortishdan oldin milliy tashuvchilarga Transport vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimida zarur bo‘lgan barcha xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni 10 kun muddatga band qilish imkoniyati yaratiladi.
Xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilarga berish, qabul qilish, saqlash va axborot tizimida qayd etish uchun chegara bojxona postlarida ruxsatnomalarni berish punktlari tashkil etiladi hamda ularning ro‘yxati Transport vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘tgan hisobot yilida milliy tashuvchilarning yuk va yo‘lovchi tashish geografiyasidan kelib chiqqan holda xorijiy davlatlar kesimida xalqaro tashish yo‘nalishlari ro‘yxati Transport vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Ruxsatnomalarni berish punktlari va xalqaro tashish yo‘nalishlari ro‘yxatlari hamda xorijiy davlatlar kesimida xalqaro tashish turi bo‘yicha tanqis bo‘lgan xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimida e’lon qilib boriladi.
Qaror bilan Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni chegara bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasiga xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha axborot tizimi orqali berish tartibi;
avtotransport vositasiga yuk ortishdan oldin milliy tashuvchilarga axborot tizimida zarur bo‘lgan barcha xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni belgilangan muddatgacha band qilish tartibi;
ruxsatnomalarning elektron shaklini ayirboshlash - “e-Permit” tizimining huquqiy asoslari;
milliy tashuvchilarning reytingini shakllantirish, yuritish, e’lon qilish va undan foydalanish tartibi;
xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlarni boshka shaxslarga bergan hamda ularni belgilangan muddatlarda qaytarmagan milliy tashuvchilarga nisbatan bunday ruxsatnomalar berilishini to‘xtatib turish bo‘yicha sanksiyalarni inson omilisiz avtomatik ravishda qo‘llash;
O‘zbekiston ruxsatnomalarini xorijiy tashuvchilarga berish, ulardan foydalanish hamda yuklarni xalqaro tashish turlarini aniqlash tartibi belgilab berilgan.
2026-yilgi xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yuk tashishga aniq buyurtmasi bo‘lmagan milliy tashuvchilar qo‘lida to‘planib, sun’iy tanqislik vujudga kelishini oldini olish maqsadida, 2026-yil 1-iyunga qadar shunday tartib o‘rnatiladi:
a) 2026-yilgi ayirboshlash kvotasi doirasida olingan, tashish turi bo‘yicha umumiy miqdori 1000 ta va undan kam bo‘lgan xorijiy ruxsatnomalar faqatgina xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha:
eksport tovarlari ortilgan avtotransport vositasi uchun tegishli bojxona deklaratsiyasi mavjud bo‘lganda barcha milliy tashuvchilarga beriladi;
eksport tovarlari bilan chiqib ketayotgan avtotransport vositasi uchun boshqa davlatdan import yoki uchinchi davlatdan/ga yuklarni tashishga xorijiy ruxsatnomalar qaytish yo‘nalishi geografik yaqin bo‘lganda, 2025-yil yakuniga ko‘ra daromad koeffitsiyenta 1,0 va undan yuqori bulgan milliy tashuvchilarga qo‘shimcha beriladi;
b) 2026-yilgi ayirboshlash kvotasi doirasida olingan, umumiy miqdori 1000 tadan ko‘p bo‘lgan uchinchi davlatga/dan yuk tashishga xorijiy ruxsatnomalar respublika hududidan:
eksport yoki tranzit tovarlari bilan chiqib ketayotgan avtotransport vositasi uchun qaytish yo‘nalishi geografik yaqin bo‘lganda barcha milliy tashuvchilarga beriladi; barcha chiqib ketayotgan avtotransport vositasi uchun 2025-yil yakuniga ko‘ra daromad koeffitsiyenti 0,7 va undan yuqori bo‘lgan milliy tashuvchilarga beriladi;
v) qolgan barcha ruxsatnomalar - milliy tashuvchilarning arizasiga ko‘ra yuklarni xalqaro tashishda foydalaniladigan (tegishli litsenziya kartochkasi mavjud bo‘lgan) avtotransport vositalari soni doirasida xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha beriladi;
g) barcha xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarda tashuvchining nomi siyohli printer orqali chop etiladi hamda ular olingan kundan boshlab 90 kalendar kun ichida Transport vazirligiga qaytariladi;
d) quyidagi holatlarda axborot tizimida avtomatik ravishda barcha xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalar milliy tashuvchiga berilishi to‘xtatib turiladi:
olingan xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalar belgilangan muddatlarda qaytarilmaganda - ularni qaytarilguniga qadar (yo‘l-transport hodisasi, yong‘in, tabiiy ofatlar natijasida (vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan hujjat asosida) yo‘q bo‘lganligi holatlardan tashqari);
olingan xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi, shuningdek ularni buzilganligi (o‘chirilgan, bo‘yalgan, tashuvchining nomini o‘qish imkoniyati mavjud bo‘lmagani) aniqlanganda - uch oy muddatga.
2025-yilgi xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlarni uchinchi shaxslarga berilishiga, shuningdek ularni buzilishiga (o‘chirilishiga, bo‘yalishiga) hamda yo‘qolishiga yo‘l qo‘ygan milliy tashuvchilarga, aynan shu davlatning barcha ruxsatnomalarini berilishi ushbu holatlar aniqlangan kundan boshlab uch oy muddatga to‘xtatiladi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2026-yil 1-iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zA