2026/2027 o‘quv yilidan texnikumlarda o‘quvchilarga stipendiya beriladi
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikum o‘quvchilariga stipendiya to‘lanishi mamlakatda kasbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Bu tashabbus yoshlarni zamonaviy kasblarga keng jalb etish, ularning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, mahallalarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida 10 mingdan ziyod loyihani amalga oshirish orqali 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun katta hajmda moliyaviy resurslar ajratilib, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar kuchaytiriladi.
Kasblarni rivojlantirish yo‘nalishida esa bir qator muhim yangiliklar joriy etilmoqda.
Jumladan, ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari negizida “Kasblar shaharchalari” tashkil etilib, maktab o‘quvchilarini erta bosqichdanoq zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish maqsad qilingan.
Eng ahamiyatli yangiliklardan biri — 2026/2027 o‘quv yilidan texnikum o‘quvchilariga stipendiya to‘lash amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi hisoblanadi. Bu ta’lim oluvchilarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan birga, kasbiy ta’limning nufuzini ham oshiradi.
Bundan tashqari, hududlarda 24 ta malakani baholash markazi tashkil etilib, mehnat bozorida rasman tan olinadigan sertifikatlar berish tizimi joriy etiladi. Bu esa yosh mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirish va ularning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur islohotlar kasbiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiyotni malakali kadrlar bilan ta’minlash va yoshlarning barqaror bandligini ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuvni ifoda etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA