Yakunlangan 2024 yil O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yaxshi keldi. Yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirildi, minglab ijtimoiy-iqtisodiy inshootlar qurildi, asosiy belgilangan reja va ko‘zlangan maqsadlarga erishildi.
2025 yilgi davlat byudjeti ham asosan ijtimoiy yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, uning to‘laqonli amalga oshirilishi O‘zbekiston xalqi uchun ham, iqtisodiyoti uchun ham yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Bu yilgi byudjetnomada qaysi yo‘nalishlarga ko‘proq ustuvorlik beriladi? Milliy iqtisodiyotimiz qaysi yo‘lni tanlaydi? – shu va ushbu hujjatning xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi muhim jihatlari xususida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Abdurahim Vahobov bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi, bu yilgi davlat byudjeti avvalgi yillarnikidan nimasi bilan farq qildi?
- Darhaqiqat, 2024 yilning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari e’lon qilindi. Hozirdan xulosa qilish va 2025 yilning asosiy parametrlari to‘g‘risida fikr yuritsa bo‘ladi. O‘tgan yil O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlandi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilandi. Yalpi ichki mahsulot 6 foizdan oshdi. Inflyatsiya darajasi 9.8, ishsizlik darajasi 5-6 foiz atrofida, davlat byudjeti ijrosi ta’minlandi, defitsiti taqchilligi -4 foizni tashkil etdi. Umuman makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak yomon natija emas.
Respublika Prezidenti tomonidan 2024 yil oxirida «2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Mamlakatning moliyaviy hujjatiga qaraydigan bo‘lsak katta ishlar qilinyapti. Iqtisodiy ilohotlar chuqurlashdi. Milliy iqtisodiyot rivojlanyapti, tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Bu esa o‘z navbatida byudjet fiskal siyosati, soliq-byudjet siyosati, pul-kredit siyosatining borgan sari takomillashtirishni taqozo etmoqda.
- 2025 yilgi davlat byudjetining asosiy vazifalari nimalardan iborat bo‘ladi?
- Makroiqtisodiy barqarorlikni, mamlakatning to‘lov balansi muvozanatini, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash – asosiy vazifa bo‘lib qoladi. Davlat byudjetining daromadlar va harajatlar qismi oshib bormoqda. Bu yil biz keyingi yillar ichida birinchi marta ijtimoiy bozor sohasida jiddiy qadam tashladik. Ijtimoiy maqsadlar uchun sarflanadigan harajatlar birinchi marta davlat harajatlarining 50 foizini tashkil etdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/m7yU7yQc9bw?si=f8edRPaOf0ooygqb" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA