O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda O‘zbekistoning YUNESKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yanada oshirish va mustahkamlashda, ikki va ko‘p tomonlama hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirishda YUNESKO muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.
Buning natijasida 2017-2023-yillarda milliy madaniy merosimizning 14 ta noyob namunasi YUNESKOning ro‘yxatlaridan joy olib, insoniyat merosi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Buxoro shahri Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritildi. 2023-yil sentyabr oyida YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Ab-u Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi keng nishonlandi.
Ayniqsa, 2023-yil 7-22-noyabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini (keyingi o‘rinlarda – Sessiya) 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etildi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni yuqori darajada o‘tkazishga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov):
Sessiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni hal qilib borsin, shuningdek, axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarning o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishini ta’minlasin;
Sessiyaning Samarqand shahrida o‘tkazilishining ahamiyati haqida yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratib, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, xeshteg va chellenj kabi usullarni qo‘llash orqali keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin;
Sessiyaning Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan “Samarqand – jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomni o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etish, pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalarning muomalaga chiqarilishini tashkil qilsin;
Sessiya doirasida Samarqand shahrida tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlasin hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi obyektlar va zarur bo‘lgan mehmonxona fondini tayyorlasin;
Sessiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va qabullarni yuqori saviyada tashkil etsin;
Sessiya ishtirokchilarining kelishi va ketishi, ularga viza rasmiylashtirish, transport va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari samarali hal qilinishini muvofiqlashtirsin.
3. Sessiya “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida o‘tkazilsin.
4. Sessiyaga tayyorgarlik doirasida:
Madaniy meros agentligi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda – Samarqand shahridagi tegishli madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni hamda immersiv va mavzuli ko‘rgazmalarni tashkil etsin;
Tashqi ishlar vazirligi – YUNESKO Bosh direktori nomiga O‘zbekiston Respublikasining Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markaziga a’zo bo‘lishi uchun rasmiy ariza topshirsin;
YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya – O‘zbekistondagi shaharlar, noyob madaniy va tabiiy meros obyektlarini tegishlicha YUNESKOning Ijodkor shaharlar hamda Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar tarmoqlariga, shuningdek, xalqaro ro‘yxatlariga kiritish choralarini ko‘rsin;
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi – YUNESKO mezonlari asosida va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘li davlat muzeyini tashkil etish, sohibqiron Amir Temur bog‘larini qayta tiklash, Bibixonim majmuasini restavratsiya qilish, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazini muhofaza qilishga qaratilgan uning master va menejment rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli qarorlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda – Sessiyaning mamlakatimizda o‘tkazilishining ahamiyatini, shuningdek, O‘zbekiston jahon siyosatining markazlaridan biriga, global tashabbuslar muallifiga aylanib borayotganini atroflicha ochib berishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etsin.
5. Quyidagilar:
2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida xorijiy davlatlarda targ‘ibot ishlarini tashkil etadigan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar ushbu qarorga muvofiq davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish hamda ular bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshirsin.
6. Belgilansinki:
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Tashkiliy qo‘mitaning Ishchi organi (keyingi o‘rinlarda – Ishchi organ) hisoblanadi;
“InterForum” davlat unitar korxonasi Sessiyani tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Bosh operator hisoblanadi;
vazirliklar va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, Tashkiliy qo‘mita hamda Ishchi organning boshqa tezkor ko‘rsatmalari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. Tashqi ishlar vazirligi Sessiya ishtirokchilari uchun Ishchi organning viza talabnomalariga binoan kirish vizalarini konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirmasdan, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni ta’minlasin.
8. 2024-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarining umumiy shtat birliklari sonini o‘zgartirgan holda O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi (keyingi o‘rinlarda – Doimiy vakolatxona) shtatlar jadvaliga maslahatchi va ikkinchi kotib ikkita qo‘shimcha shtat birligi kiritilsin, shuningdek, Doimiy vakolatxonaga qo‘shimcha bitta transport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Doimiy vakolatxonani saqlash xarajatlarini uning tashkiliy-shtat tuzilmasidagi o‘zgarishlarni va qo‘shimcha bitta transport vositasini saqlashga limit ajratilganini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti parametrlarida Tashqi ishlar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirishni ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Sessiyaning mamlakatimizda o‘tkazilishining ahamiyati hamda ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha (YUNESKO) doimiy vakolatxonasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3957-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi G.O.Umerova va tashqi ishlar vaziri B.O.Saidov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2024-yil 15-mart