Ortda qolgan 2024 yil mamlakatimiz sportchilari uchun kompleks sport musobaqalariga boy bo‘ldi. Shu bilan birga, qo‘lga kiritilgan natijalarning salmoqliligi ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Ayniqsa, “Osiyo bolalari” o‘yinlari, MDH o‘yinlari va albatta “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi natijalar o‘zbek sportining kuch-qudratini namoyish etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xo‘sh, 2025 yil davomida nechta kompleks sport musobaqalari tashkil etiladi? Yurtimiz sportchilari aynan qaysi kompleks musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qiladi?
Ta’kidlash joizki, yangi yilning ilk kompleks musobaqasi Italiyaning Turin shahrida tashkil etiladi. Talaba-sportchilar o‘rtasidagi Butunjahon qishki Universiada o‘yinlari joriy yilning 13-23 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 43 ta davlat sportchilari ishtirok etishi tasdiqlangan.
– Joriy yil davomida eng yirik 9 ta kompleks sport musobaqalari o‘tkazilsa, mamlakatimiz sportchilari 7 tasida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston sportchilarining ilk kompleks musobaqasi 7-14 fevral kunlari Xitoyning Xarbin shahrida o‘tishi kutilayotgan IX qishki Osiyo o‘yinlari bo‘ladi, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i San’at G‘ulomnazarov.
Aytish lozim, mamlakatimiz sportchilari qishki Osiyo o‘yinlaridan keyin Germaniyada yozgi Butunjahon Universiada o‘yinlari, Ozarbayjonda bo‘ladigan III MDH o‘yinlari, Xitoy mezbonligidagi “Butunjahon o‘yinlari”, Saudiya Arabistonida Islom davlatlari birdamligi o‘yinlari, Moskvada tashkil etiladigan “Do‘stlik” o‘yinlari hamda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida qatnashishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA