Yashil boyliklar – sog‘lom turmush, farovon hayot, ekologik xavfsiz iqtisodiyot manbai
Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilgani Yangi O‘zbekistonda ona tabiatni asrab-avaylab, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi.
Aslida mamlakatimizning go‘zal tabiati, musaffo havosi, zilol va shifobaxsh suvlari asrlar davomida insoniyatni maftun etib keladi. Biroq, sanoatning rivojlanishi, energiya resurslariga talabning ortishi, tabiatga munosabatning o‘zgargani iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhit ifloslanishi, suv taqchilligi kabi muammolarni ko‘ndalang qo‘ydi.
Bu masalalar yechimini topish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotga joriy etilgani xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan bo‘sh yerlarga ko‘chat ekish, bog‘-rog‘lar barpo etish an’analarini qayta tikladi. Ona tabiatga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi.
“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish g‘oyasining ilgari surilgani energiya resurslari iste’molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishga, iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatib, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga, tabiiy ekotizimlarni asrashga, iqlim o‘zgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlashga qulay muhit yaratdi.
Yangi yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu boradagi ezgu ishlar natijadorligini oshirishga xizmat qilishi, yashil boyliklar salomatligimiz va farovon hayotimiz manbai ekanini yanada teranroq anglatishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganidan buyon janubdagi vohada yangi bog‘-rog‘lar barpo etish muhim vazifalarimizdan biriga aylandi. Joylarda 40 milliondan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Mайдони 83 gektar bo‘lgan 25 ta “Yashil jamoat parki”, 36,6 gektar yerda 15 ta “Hokimlik bog‘i” tashkil etilib, ularga 42 mingdan ortiq mevali va manzarali ko‘chat qadaldi. Loyihaning bu yil kuzgi mavsumida yana olti million tupdan ortiq ko‘chat ekish rejalashtirib olingan. Shu kunlarda joylarda ko‘chat ekish uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Shuningdek, viloyat hududida 85 ta atrof-muhitga ta’sir xavfi I-II-toifadagi yirik sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda “Yashil belbog‘lar” tashkil etish uchun shu yilning o‘tgan davrida 358 ming 400 tup ko‘chat ekildi.
Viloyatning Termiz, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlari tutashgan “Kattaqum” massivi hududidagi qum barxanlari tekislanib, 14,8 ming gektar maydonga 100 ming tup saksovul ko‘chati ekildi. 80 tonna saksovul urug‘i sepilib, “Yashil qalqon” barpo etildi. Qo‘shni Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahri va Termiz tumani mahallalari hududidagi 12 gektar maydonga eldor qarag‘ay ko‘chatlarini ekish orqali yana bir “Yashil belbog‘” yaratildi. Bu ishlar vohada “afg‘on shamoli” nomi bilan ataladigan shamol yo‘lini to‘sib, atrof-muhitga ta’sirini kamaytiradi.
Ayni paytda viloyatda “Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz” yo‘nalishidagi M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz, Angor, Muzrabot, Sherobod tumanlari hududidan o‘tuvchi 61 kilometr qismining ikki atrofi tekislanib, manzarali daraxt ko‘chatlarini qadashga hozirlanmoqda. Adir va toshloq yerlarga unumdor tuproq tashib keltirib, to‘kilmoqda. Bu yerga 290 mingdan ortiq ko‘chat ekiladi. Bir yo‘la suv tizimi yaxshilanib, yo‘lning ikki tarafida yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilinadi. Suv havzalari barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilinishida chuqur ma’no mujassam. Zero, tevarak-atrofimizda yashil hududlar kengayib, yashil qalqonlar ko‘payishi ona tabiatimizni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Yashil” iqtisodiyot ekologik toza, energiya, suv va boshqa tabiiy resurslarni iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etib, ekologiya xavfsizligini ta’minlaydi. Mamlakatimizning 2019-2030 yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini ro‘yobga chiqarish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlaydi.
Bahodir Urunov,
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza
qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA