Ma’lumki, o‘tgan 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantirilib, e’lon qilib borilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilishi, reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilangan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2023 yilda “Qizil” toifaga kiritilgan maktablar soni 1 ming 526 tadan 404 ta kamaytirilishiga erishilgan.
Shuningdek, mutaxassis sohada o‘tgan 2023 yilda amalga oshirilgan asosiy vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 2023 yil davomida respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 33 ming 942 taga yetkazildi. 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga yetkazildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 71 ta, oilaviy shaklda 4,5 minga yaqin nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.
Umumta’lim maktablari soni 10 ming 163 taga, nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 449 taga yetkazildi. 37 ta maktab filialiga umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berildi. 700 ming nafarga yaqin bola 1-sinfga qabul qilindi.
Investitsiya va boshqa qo‘shimcha dasturlar doirasida 563 ta maktabda qurish-ta’mirlash amalga oshirildi va 120 minga yaqin yangi o‘quv o‘rni yaratildi. Qariyb 115 ming o‘rinli o‘quv binolari mukammal ta’mirlandi. 1 ming 800 ga yaqin ta’lim muassasasiga qayta tiklanuvchi quyosh elektr panellari va quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi. 53 ta maktab uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 1-sinf o‘quvchilari uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fani joriy etildi.
Maktab bitiruvchilarining shahodatnomalari elektron shaklda berilishi yo‘lga qo‘yildi. 11-sinf bitiruvchilarining 12 ming nafarga yaqini oltin, 2 ming nafardan ortig‘i kumush medal bilan taqdirlandi. Maktab bitiruvchilarning OTMga kirishdagi o‘rtacha bali 77,1 ballga yetkazildi, davlat granti o‘rinlarining 77 foizini maktablarni 2023 yil bitiruvchilari tashkil etdi.
Maktab direktorini lavozimiga tayinlash uchun menejerlik o‘quv kurslarida o‘qish va menejerlik sertifikatini olish tartibi yo‘lga qo‘yildi. 500 ta maktabda Prezident maktablarining baholash tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari, 135 ta maktabda 4 yo‘nalishda tanlov fanlari joriy etildi.
Umumta’lim maktablariga 500 nafar xorijlik mutaxassislar jalb etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA