Jahon sport maydonlarida hamda yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqa va turnirlarning boshlanishi bilan sportchilardan doping sinamalar olinadi.
Xo‘sh, o‘tgan bir oy mobaynida mamlakatimiz sportchilari qaysi musobaqalarda qatnashish uchun doping sinamalarni topshirdi. Bu borada umumiy vaziyat qanday?
Mazkur masala xususida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi axborot xizmati rahbari Xumoyun Omonov quyidagilarni ma’lum qildi.
2022 yilning ilk oyida yurtimiz sportchilari o‘ndan oshiq xalqaro musobaqalarda ishtirok etish oldidan belgilangan me’yor asosida doping sinamalarni topshirishdi.
Muhimi, yanvar oyida hozircha dopingga tushgan yoki qoida buzgan sportchilar aniqlanmadi. Bu, o‘tgan yil davomida hamda joriy yilning ilk kunlarida bir nechta sport turlari bo‘yicha terma jamoa sportchilari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari, o‘tkazilgan seminarlar natijasi bo‘ldi, albatta.
Shuningdek, Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) buyurtmasiga ko‘ra, joriy yilning 22-29 yanvar kunlari poytaxtimizda boks bo‘yicha tashkil etilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida sportchilardan doping-sinamalar olindi.
Qit’a bokschilaridan 35 ta doping-sinama olingan bo‘lib, shundan 23 ta yigitlardan va 12 ta qizlarga to‘g‘ri keldi. Olingan sinamalar Avstriya lavbaratoriyasiga yuborildi. Natijalar 15 kun ichida ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan yil davomida mamlakatimizda o‘tkazilishi kutilayotgan 68 ga yaqin sport musobaqalarida 660 ga yaqin doping-sinamalar olish rejalashtirilgan.
T. Ro‘ziyev. O‘zA