2022 yil 26 aprelda davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilingan edi. Shuningdek, muzeylarda 2,5 milliondan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanishi ham qayd etilgan.
Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomovaning so‘zlariga ko‘ra, respublikada jami 124 ta muzey va uning filiallari faoliyat yuritadi. Respublika muzeylari fondlarida jami 2,5 milliondan ziyod muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud bo‘lib, shundan 2 millionga yaqin eksponatlar asosiy fondda saqlanadi. 500 mingdan ziyodi ilmiy-yordamchi fonddagi muzey ashyolari va kolleksiyalari hisoblanadi.
Muzeylar va direksiyalarga 4 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Muzeylar va direksiyalar tomonidan mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga jami 20 milliarddan ziyod pullik xizmat ko‘rsatilgan.
Dunyodagi barcha xalqlar kabi o‘zbek xalqi ham juda qadim davrlardan buyon xalq ruhiyati, turmush sharoitlarini o‘zida aks ettiruvchi amaliy san’at asarlarini yaratib kelgan. Tabiiyki, moddiy madaniyat mahsuli bo‘lgan xalq amaliy san’at asarlari ijtimoiy hayotning bir bosqichidan ikkinchisiga meros bo‘lib o‘tib, avlodlarning beqiyos madaniy boyligiga aylanib boraveradi.
Ilm-fan va madaniyat rivojida muzeylarning o‘rni tabora o‘sib borayotgani bois tegishli qonunchilikka asosan 2022 yil 1 iyuldan boshlab davlat muzeylariga tashrif buyuruvchilarga har kuni soat 22:00gacha xizmat ko‘rsatish huquqi berilgan.
Har bir muzey o‘zining yo‘nalishi, eksponatlari bilan o‘ziga xos. Xususan, poytaxtga tashrif buyuruvchi mehmonlarni o‘ziga chorlovchi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi 1943 yildan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida faoliyat olib bormoqda.
O‘tgan 2022 yilda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidan Luvrdagi ko‘rgazma uchun o‘ttizdan ortiq eksponat saralab olingan. 6 dona eksponat hamda etnografiya fondidan qirqdan ortiq eksponat Arab dunyosi instutidagi ko‘rgazma uchun tanlab olingan. Ulardan 14 dona eksponat namoyish etish uchun taqdim etilgan. Mazkur muzey fondlariga jami 3 ming 229 dona buyum qabul qilingan. Bular ichida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, tabarruk buyumlar, qurol-aslaha, badiiy asarlar, arxiv va noyob kitoblar mavjud.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, folklorshunoslik, arxivshunoslik sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boruvchi hamda O‘zbekiston xalqlarining moddiy va ma’naviy boyliklarini saqlab (qo‘lyozma, bosma kitoblar, arxiv hujjatlari), nodir ashyolar (rang-tasvir namunalari, kartinalar, xalq hunarmandchiligi namunalari, ijodkorlarga tegishli noyob buyumlar)ni ekspozitsiya orqali namoyish va targ‘ib qiluvchi ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasadir.
Adabiyot muzeyining asosiy vazifasi muzey fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning qo‘lyozmalarini ilmiy tadqiq etish, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish, shular asosida elektron kataloglar tayyorlash va noyob qo‘lyozmalarning faksimil nashrlarini amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida o‘zbek xalqining bebaho va betakror san’at asarlari o‘rin olgan. Bugun mavjud muzeylarda tarixiy va zamonaviy bilimlarni egallagan bilimdon mutaxassislarning faoliyat olib borishi xalqimizning o‘tmishga, tarix va madaniy merosga bo‘lgan hurmat va ehtiromini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA