Ukraina atrofidagi ziddiyat va ko‘plab sonli insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan tabiiy ofatlar tufayli tugab borayotgan 2022 yilni fojeali deb atash mumkin. Biroq Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Konvensiyaning qabul qilinishi, Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi sababli butun Yaqin Sharqdagi xursandchilikni hisobga olganda, joriy yil muvaffaqiyatli yil bo‘ldi, deyishimiz mumkin.
15 noyabrda Yer sayyorasi aholisi soni 8 milliardga yetdi.
24 fevral payshanba kuni erta tongda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada harbiy operatsiyalar boshlanishi to‘g‘risidagi videomurojaat bilan chiqdi.
Yevropada o‘rmonlar yonishi va daryolar qurishi darajasida nihoyatda issiq ob-havo kuzatildi. Aprel oyida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi iqlim o‘zgarishi oqibatlari juda ayanchli bo‘ladi, deb ogohlantirdi.
Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. U mamlakatni 70 yil boshqargan edi.
Butun dunyoda inflyatsiya darajasi o‘sdi. COVID pandemiyasi va Ukraina atrofidagi nizolar bozorlarda mahsulotlar yetishmasligiga, global ta’minot zanjirining buzilishiga olib keldi.
Buyuk Britaniyada ilk marotaba kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan bosh vazir tayinlandi. Bundan tashqari, 42 yoshli Rishi Sunak Buyuk Britaniyaning 1912 yildan beri eng yosh Bosh vaziri bo‘ldi.
28 oktyabr kuni Ilon Mask 44 milliard dollarga Twitter ni o‘z nazoratiga oldi.
Misrda BMT ning Iqlim bo‘yicha sammit o‘tkazildi. Unda zaif mamlakatlarga zararni qoplash uchun jamg‘arma tashkil qilish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bu masala muzokaralarda eng dolzarb mavzu bo‘ldi.
69 yoshli Si Szinpin Xitoy Kommunistik partiyasi rahbarligiga qayta saylandi.
Eronda hijobga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun politsiya tomonidan qo‘lga olingan 22 yoshli qizning o‘limi xalq noroziligiga sabab bo‘ldi.
G. Abdullayeva tayyorladi, O‘zA