Ma’lumki, davlatimiz rahbari huzurida 2020 yilning 30 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini raqamlashtirish, ya’ni “Elektron OAK” tizimini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan edi.
Yurtimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarga muvofiq tarzda oliy malakali pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimida ilmiy-tashkiliy, dasturiy-texnik va ekspertiza chora-tadbirlari amalga oshirilib, attestatsiya jarayoni to‘liq raqamlashtirildi.
“Elektron OAK” doirasida yangi axborot tizimlari ishlab chiqildi. Jumladan, ilmiy daraja va ilmiy unvonlar kompleks-tahliliy axborot tizimlari, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar yagona portali, korporativ elektron hujjatlar aylanish kompleks-tahliliy axborot tizimi va dissertatsiyalar jamoaviy elektron ekspertizasi axborot tizimi yaratildi.
2021 yilda “Elektron OAK” tizimi orqali 10 ming 843 attestatsiya ishi qabul qilindi va 10 ming 614 ta yozishma amalga oshirildi. Shuningdek, 2 ta axborot tizimi – ilmiy unvonlar va ilmiy darajalar bo‘yicha 30 mingdan ortiq doimiy ravishda o‘sib boruvchi ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lgan idoraviy axborot tizimlari “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahliliy tizimi dasturiy-apparat kompleksi”ga integratsiya qilindi.
– “Elektron OAK” doirasidagi axborot tizimlari ilk bor jahon va milliy darajada ilmiy daraja va ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya ishlarini qabul qilish, jo‘natish, ekspertiza jarayoni raqamlashtirilgan tarzda amalga oshirishga xizmat qilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliyev. – Shu bilan birga, barcha attestatsiya jarayonini uzluksiz va onlayn shaklda tashkil qilish, attestatsiya jarayonini “sub’ekt-sub’ekt o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar” tamoyilidan “sub’ekt-sub’ekt o‘rtasidagi raqamlashtirilgan munosabatlar” tamoyiliga o‘tkazish, OTM va ITM ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar va OAK o‘rtasidagi barcha hujjat almashishni korporativ elektron hujjatlar aylanishi kompleks-tahliliy axborot tizimi asosida amalga oshirish hamda moddiy va moliyaviy resurslarni iqtisod qilish, sog‘lom ilmiy muhitni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Elektron OAK” tizimi soha faoliyatining sifat va natijadorligini hamda attestatsiya jarayonining shaffofligini ta’minlashda, shuningdek, uning ishtirokchilari mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, attestatsiya jarayoni talab qiladigan qimmatli vaqtni tejash, har qanday ko‘rinishdagi ovoragarchiliklarga barham berish imkoniyatini yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA