2021 yil – yoshlar hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Joriy yil, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” yoshlarimiz hayotida o‘zgacha esda qolarli bo‘ldi.
Ularning siyosiy-ijtimoiy faolligi yanada ortdi. Yoshlar bilan ishlash mutlaqo yangicha tizim asosida yo‘lga qo‘yildi. Bu borada esa O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi sezilarli tashabbuslarni ko‘rsatdi.
O‘tayotgan bir yil davomida qilingan ishlar, yoshlar hayotida aks etgan o‘zgarishlar va kelajak rejalari haqida Yoshlar agentligi direktori Alisher Sa’dullayev O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida qilingan samarali ishlar mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Shuningdek, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar dasturlari”ning amalga oshirilishi yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishiga zamin yaratdi.
Xususan, joriy yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 44 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida yoshlar uchun joriy etilgan 44 ta imtiyoz va qulayliklar “Yoshlar portali”ga kiritilib, bir qator amaliy natijalarga erishildi. Jumladan, yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha yil boshida Davlat xavfsizlik xizmati, mutasaddi vazirliklar va hokimliklar bilan hamkorlikda “mahallabay” shakllantirilgan “Yoshlar balansi” asosida 597 ming 573 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritildi.
Kasb-hunar o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari, subsidiyalar ajratish va ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash natijasida 6 ming nafarga yaqin yoshlarimiz bandligi ta’minlandi va imkoniyati cheklangan, tibbiy yordamga muhtoj yoshlar doimiy nazoratga olindi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman (shahar)larda moliyaviy manbalari aniq belgilangan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari tashkil etilib, jamg‘armalar hisobidan ishsiz yoshlarga asbob-uskuna, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chat xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish, noturarjoylar ijarasi va boshqa yo‘nalishlarda 126 ming nafar yoshga 256 milliar so‘m miqdorda amaliy yordam ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbarining yoshlarga yer ajratish tashabbusi bilan ilk marotaba 424 ming nafar yoshlarga 127 ming gektar ekin maydonlari ajratilib, ish o‘rinlari yaratildi.
Yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Yil davomida 52 ming nafar yosh kasb-hunar va 110 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitildi. Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi ham yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda munosib hissa qo‘shdi. Tuman (shahar)larda tashkil etilgan 199 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”da 73 ta loyiha orqali mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab 6 milliondan ortiq g‘ayrati baland, intiluvchan yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivallar o‘tkazildi. Festivallar yoshlar uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi. Besh muhim tashabbus doirasida sport inshootlari, madaniyat markazlari, umumta’lim maktablarida yoshlarni madaniyat va san’at hamda sportga jalb etishga qaratilgan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ko‘ngilli yoshlar jalb qilindi. IT va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida 198 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 1,2 million nafardan ortiq yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitilmoqda. Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovida 300 ming nafar yoshlar, “Yosh kitobxon oila” tanlovida 10 mingta yosh oilalar ishtirok etdi.
Shuningdek, yil davomida 1,2 milliondan ortiq kitoblar yoshlarga yetkazib berildi. Yoshlarning ta’lim olishi va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba yoshlar uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 11 mingga yaqin yoshlarga imtiyozli ta’lim kreditlari berildi.
Yoshlarning ilmiy-innovatsion faoliyati, xorijiy tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida “Ibrat tillar oromgohi”, “Bo‘lajak olim”, “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” va “Biznesga birinchi qadam” loyihalari yo‘lga qo‘yilib, tanlovlarda 52 ming nafar iqtidorli yoshlar qamrab olindi. Shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yinini ommaviy ma’rifiy harakatga aylantirilishi orqali 30 ming nafardan ortiq yoshlar kashf etildi hamda mazkur harakatni rag‘batlantirish maqsadida Davlat byudjetidan har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi. Yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iste’dodli va fidoyi yoshlarning 224 nafari davlat mukofotlari va 2 ming nafardan ortig‘i “O‘zbekiston mustaqilligiga 30 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yoshlar siyosatiga doir xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham yuqori natijalarga erishildi. Jumladan, Osiyoda o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha Kengashning Yoshlar ishlari bo‘yicha maslahat Kengashiga O‘zbekiston teng huquqli a’zo bo‘ldi. Germaniyada o‘tkazilgan “One Young World Summit-2021”da O‘zbekiston yoshlari delegatsiyasi ilk marotaba ishtirok etib, Sammit a’zoligiga qabul qilindi. Turkiy tilli davlatlarning yoshlar va sport ishlari vazirlari ishtirokida ilk marotaba Toshkent shahrida “IDEA – Yosh tadbirkorlar forumi” o‘tkazildi.
Forum yakunida O‘zbekistonni 2022 yilda turkiy dunyo yoshlari poytaxti etib belgilash tashabbusi ilgari surildi. Kelgusi rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yilgi natijalarning uzviy davomi bo‘ladi. Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan “Yoshlar daftari” tizimi kelgusi yilda ham samarali amalga oshiriladi. Joriy yilda maktabni tamomlab, mehnat bozoriga kirib kelgan 336 ming nafar yoshlarning muammolarini hal etish hamda bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.
Yil sarhisobiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” haftaligi o‘tkaziladi. Forum tadbirlari “mahalla-sektor-hudud-respublika” darajasida barcha qatlamdagi yoshlar ishtirokida tashkil etiladi. Haftalikda 100 ga yaqin yirik loyihalar sarhisob qilinib, turli sohalardagi zamonamiz qahramonlarini kashf etish uchun maydon yaratiladi.
Forum loyihalari davomida yoshlarning taklif, muammo va tashabbuslaridan kelib chiqib, 2022 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga doir Hukumat qarori va chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
yozib oldi.