O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qurilish vazirligi tomonidan qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Prezidentimizning joriy yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni tizimda mavjud muammolar yechimiga xizmat qilayotgani va ayniqsa, soha rivojini belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Jumladan, mazkur hujjatga muvofiq, 2025 yilga borib “Biznes yuritish” xalqaro indeksida qurilishga ruxsatnomalar olish yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasi joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilanadi. O‘zbekiston Respublikasining geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda 2025 yilga borib milliy shaharsozlik normalari va qoidalari kamida 50 foiz darajasida xalqaro norma va standartlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Shuningdek, ushbu davrda barcha shaharlar va shahar posyolkalarining 25 foizi bosh rejalar bilan qamrab olinadi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 2025 yilga borib “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida qo‘shimcha 4 ta elektron platforma yaratiladi. Shuningdek, ular idoralararo axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Arxitektura va qurilish sohasidagi oliy ta’lim muassasalaridan biri xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingidagi Osiyo mamlakatlarining eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati (TOP–1000) ga kiritiladi. Qurilish sohasidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qurilish ob’ektlari ustidan jamoatchilik nazorati kengayadi. 2021 yil 1 yanvardan boshlab aholi punktlarining bosh rejalari jamoatchilik muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi.
Shuningdek, farmonda e’tibor qaratish mumkin bo‘lgan yana bir muhim jixat – 2021 yil 1 martdan boshlab ikki qavatdan yuqori, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda ob’ektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi.
– Ushbu tartib, avvalo, aholi salomatligi, xavfsizligi uchun yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov. – Bunday turdagi qurilish uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida ko‘p qavatli uylarni qurish, loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazmasdan mavjud bino va inshootlar, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarning qavatlari sonini ko‘paytirish (ustki qavat qurish) taqiqlanadi. Farmonda jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida 2021 yil 1 sentyabrgacha fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish ob’ektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni foto yoki video ko‘rinishida qayd etish va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” elektron tizimi yaratilishi belgilandi.
Ko‘p qavatli uylar orasida xususiy tadbirkorlar tomonidan shu turdagi uylar qurilishi soni ko‘paydi. Buning nazoratini qaysi tashkilot amalga oshiradi?
Ushbu savolga Jamoliddin Qalandarov quyidagicha javob berdi:
– Ko‘p qavatli uylar qurilishidan oldin tuman, shahar hokimlarining tegishli qarori qabul qilingan. Qarorda shaharsozlik normalari bo‘yicha, zilzilaga bardoshliligi, tabiiy iqlim sharoitiga mos bo‘lishiga oid loyihalar tayyorlansin va loyiha ekspertizadan o‘tkazilgan holda qursin, deb belgilangan. Agar shu normalar asosida qurilmagan bo‘lsa, o‘rnatilgan tartibda buziladi.
Agar o‘rnatilgan talablar asosida qurilgan bo‘lsa, davlat qabul qilish komissiyasi bor. O‘sha komissiyaning dalolatnomasi bilan qabul qilinadi. Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha Toshkent shahrida o‘rganishlar olib bordik. Jumladan, Yakkasaroy tumanida tadbirkor 4-5 ta uchastkaning joyini olib, ko‘p qavvatli turar joy qurib yuborgan.
O‘rganishlar chog‘ida bu uyning qurilishi, sifati bo‘yicha tekshirish ishlari olib bormagan. Bu ham yetmaganday, bu noqonuniy qurilgan uylarni fuqarolar bilib-bilmay sotib olgan. Ertaga fuqaro uyni sotaman desa, muammo chiqadi. Mana shu strategiyada shunday uylar qurilishiga chek qo‘yilgan.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA