AOKAda "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abduramanov ishtirokida brifing tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mahalladagi xotin-qizlar faollarining alohida dastur asosida malakasini oshirib borish vazifasi asosan “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutiga yuklatilgan. "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mahalladagi xotin-qizlar faollari uchun uzluksiz va kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil qilish, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona elektron platforma “Raqamli ta’lim platforma”si (https://oilamalaka.uz/) ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida respublikaning 5 ta hududida mahalla xotin-qizlar faollari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilgan bo‘lib, kurslarda jami 35 ta tuman (shahar)dagi 1 ming 190 ta mahalladan 656 nafar mahalla xotin-qizlar faoli ishtirok etgan.
5 ta hududda “Kitoblar karvoni” loyihasi “Mas’uliyatli ota-onalik”, “Yosh kelin va kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash”, “Mahallalarda notinch oilalar bilan ishlash mexanizmlari”, “Oila va nikoh munosabatlari mustahkamligining dunyoviy va diniy asoslari”, “Ayollarga huquqiy maslahat”, “Gender zo‘ravonlikka idoralararo chora ko‘rish bo‘yicha amaliy qo‘llanma”, “Ayollar mehnat migratsiyasining huquqiy va iqtisodiy jihatlari”, “Kiberzo‘ravonlikdan himoyalanish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?”, “Erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohga qarshi birga kurashamiz” kabi jami 33 ming 776 dona uslubiy qo‘llanma, buklet va flayerlar tarqatilgan. 2025 yil yakuniga qadar umumiy hisobda 2000 nafarga yaqin mahalla xotin-qizlar faolining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA