Joriy yilning 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangan edi.
Ushbu qarorga asosan tabaqalashtirilgan tariflar, xususan, bir xonadon uchun bir oyda 200 kilovatt soat elektr energiyasi ijtimoiy norma sifatida belgilangani va bu miqdor kam ekanligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda turlicha fikrlar bildirilmoqda.
Shuningdek, elektr energiyasi uchun to‘lovlar ikki barobar hisoblanayotgani to‘g‘risida ham xabarlar tarqaldi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Elektr energiyasini avtomatlashtirish markazi» filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonov mazkur masalalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan qarori asosida yoqilg‘i-energetika resurslarining iste’moli uchun yangi ijtimoiy normalar belgilangan. Ijtimoiy tarmoqlarda 200 kilovatt soat limit sifatida talqin etilmoqda. Bu limit emas, aksincha, ijtimoiy norma sifatida belgilangan. Agar bu bir oy uchun limit bo‘lganda, u tugashi bilan tarmoqdan ajratilgan bo‘lar edi.
Qolaversa, 1 kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va uni yetkazish salkam 1000 so‘mga aylanadi. Agar tannarxni inobatga olganda, tabaqalashtirilgan tarif tizim faoliyatining barqarorligini ta’minlashda muhim hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur qarorning 3-ilovasida ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish va ularga tabiiy gaz hamda elektr energiyasi xarajatlarining bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilgan qismiga kompensatsiya to‘lab berish ko‘zda tutilgan.
Demak, ushbu hujjatda aholining kam ta’minlangan qatlami qo‘llab-quvvatlanadi, ya’ni kompensatsiya to‘lab beriladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ti3FIkfZto4" title="200 kilovatt soat elektr energiyasi ijtimoiy normami yoki limit? – Mutaxassis izoh berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Shuningdek, joriy yilning 7 iyul kuni to‘lov tizimlari bilan bog‘liq texnik nosozlik kuzatilgan edi. Natijada to‘lov amalga oshirilganda iste’molchi balansida to‘lov qoldig‘i ko‘proq ko‘rsatishi kuzatildi. Ayni paytda billing tizimi orqali elektr energiyasi uchun to‘lovlar xatoliksiz qabul qilinmoqda hamda balans qoldiqlari to‘g‘ri shakllantirilmoqda.
Hisoblagichlarning tez aylantirishi bo‘yicha fikrlarga kelsak, ASKUE tizimida barcha funksiyalar raqamlashtirilgan. Unda inson omili ishtirok etmagan holda hisoblagichlardagi har bir ko‘rsatkichlar aniqlik bilan hisob-kitob qilinadi.
Nasiba Ziyodullayeva, Abror Sodiqov (video), O‘zA