O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, mutasaddi davlat organlari va jamoat tashkilotlari ishtirokida giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan xorijiy va mahalliy mutaxassislarning ma’lum qilishicha, hozirda dunyo bo‘ylab qariyb 300 milon kishi giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishi oqibatida qurbon bo‘layotganlar soni yiligi 600 ming kishidan ortmoqda ekan.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda norkojinoyatlar soni qariyb 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 8,5 baravarga oshgan bo‘lsa, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 baravarga oshgan ekan.
Tadbirda davomida Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan musodara qilingan 2 tonna 135 kg 188 gr giyohvandlik vositalari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinishi ham onlayn kuzatib borildi.
Yo‘q qilingan giyohvandlik vositalari quyidagilardan iborat:
99 kg 882 gr geroin,
202 kg 555 gr opiy,
415 kg 124 gr gashish,
395 kg 739 gr marixuana,
613 kg 94 gr kannabis o‘simligi,
153 kg 15 gr ko‘knor boshog‘i va somoni,
57 kg 847 gr mefedron,
29 kg 603 gr a-PVP,
5 kg 750 gr spays,
5 kg 544 gr katinon va boshqalar...
Mutaxassislarning bildirishicha, bugungi kunda sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va iste’moli ortib bormoqda. Ular asosan Mefedron, Alfa-PVP, MDMA sintetik narkotiklari bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istondan respublikamizga kirib kelmoqda.
Internet narkoguruh tashkilotchilari xorijda yollangan kurerlarni O‘zbekistonga yuborish va ularni narkojinoyatga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda. DXX tomonidan o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida 2024 yilda 6 nafar xorijdan kelgan Internet-narkoguruh a’zolari ham qo‘lga olingan.
O‘zA