Tovarning “TIF TN” kodlarini o‘zgartirish orqali bojxona to‘lovlaridan qochishga bo‘lgan urinish fosh etildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Buxoro” TIF bojxona postiga xorijiy davlatdan olib keltirilgan texnologik asbob-uskunalarni erkin muomalaga chiqarish maqsadida taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan tovarning “TIF TN” kodlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi.
Aynan bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llaniladigan tovarga tegishli kodlar sifatida tasnif etilgan yuklar “Xavfni boshqarish tizimi” orqali “qizil yo‘lak”ka yo‘naltirildi va tegishli bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi hamda bojxona posti xodimlarining shubhalariga oydinlik kiritish maqsadida tayinlangan bojxona ekspertizasi xulosasi ham aynan bojxona yuk deklaratsiyasi hamda tovarlar o‘rtasida katta farq borligini tasdiqladi.
“TIF TN” kodlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan ushbu texnologik asbob-uskunalar uchun qariyb 2 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblandi va davlat byudjetiga undirilishi ta’minlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri