“2+6”: xorijiy tillarni o‘rganishga yangi imkoniyat
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarning xorijiy tillarni mukammal egallashi, xalqaro sertifikatlar olishi va global mehnat hamda ta’lim bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar va tizimli dasturlar yaratilgan.
Xususan, agentlik tomonidan yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan “2+6” loyihasi o‘z natijalarini bermoqda.
Loyiha doirasida poytaxtimizdagi yetakchi ta’lim muassasalaridan biri “IELTS ZONE” o‘quv markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu maskanda 150 nafardan ortiq yoshlar davlat tomonidan ajratilgan subsidiya asosida xorijiy tillarni o‘rganmoqda.
Yoshlar dastlabki 2 oy davomida sinov va saralash bosqichidan o‘tadi. Ushbu bosqichni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga keyingi 6 oy davomida ta’lim xarajatlarini davlat tomonidan qoplash imkoniyati taqdim etiladi.
Loyiha orqali yoshlar xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ta’lim xarajatlarini qoplash uchun davlat subsidiyasidan foydalanadi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantiradi hamda keyingi ta’lim va kasbiy imkoniyatlarga tayyorgarlik ko‘radi.
G.Boboyeva,O‘zA