2.5 “stop” belgisi nimani anglatadi?
Viloyat hududida 700 ta taʼlim muassasalarining aksariyati serqatnov avtomobil yoʻllari yoqasida joylashgan.
Jizzax viloyatida katta yoʻl yaqinida joylashgan taʼlim muassasalari oʻtish joylarida ilgari oʻquvchilarning maktabga kelish va qaytish paytida qizil bayroqcha tutgan navbatchi oʻqituvchilar avtotransport haydovchilarni ogohlantirib turishardi. Endi ushbu yoʻllarda qizil bayroqchali navbatchilar vazifasini xalqaro yoʻl harakati qoidasida qabul qilingan 2.5 “STOP” standart yoʻl belgisining mini maketi bajarmoqda.
Viloyat hududida 700 ta taʼlim muassasalarining aksariyati serqatnov avtomobil yoʻllari yoqasida joylashgan. Barcha taʼlim maskanlariga yoʻl patrul xizmati inspektorlarining xizmatini tashkil etishning imkoniyati yoʻq. Shuning uchun qizil bayroqchalar oʻrniga yoʻl harakati qoidasining jahon standarti asosidagi 2.5 “STOP” belgisining mini maketi ishlab chiqilib, avtomobillarning serqatnov yoʻl yoqalaridagi umumtaʼlim maktablariga tarqatildi.
– Keyingi yillarda yoʻl harakatida inson hayoti xavfsizligini taʼminlash uchun koʻplab yangi innovatsiyalar joriy etilyapti, – deydi viloyat IIB YHXB katta inspektori, kapitan Erkin Ochilov. – Piyodalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻtgan yili 10-dekabrdan 20-dekabrgacha oʻtkazilgan “Diqqat, piyoda!“ tadbiri davomida boshqarmamiz tomonidan avtomobil yoʻllari yaqinida joylashgan umumtaʼlim maktablarining piyodalar oʻtish joyiga 2.5 “STOP” yoʻl belgisining mini maketi oʻrnatilishi ham sohamizdagi muhim yangilik boʻldi. Ushbu belgi nafaqat kunning yorugʻ vaqtida, tunning qorongʻi vaqtida ham haydovchilar eʼtiborini tortadi. Yaʼni belgi avtomashina yoritish chiroqlarining nurini yorqin ranglarda qaytarib, haydovchini toʻxtashga undaydi.
Viloyat IIB YHXB matbuot guruhi inspektori Sabohat Neʼmatovaning maʼlum qilishicha, ushbu belgi oʻrnatilgandan buyon oʻtgan davrdagi oʻrganishlar, yangilik yaxshi samara berayotganini koʻrsatayotgan ekan.
Ilgari maktab oldida qizil bayroqchaning nima ekanligini tushunmagani sababli baʼzi haydovchilar toʻxtamagan. 2.5 “STOP” yoʻl belgisini tushunmaydigan haydovchini oʻzi yoʻq. Yangi loyiha koʻpchilikka maʼqul boʻldi.