18-tur bahslarini 41 mingdan ziyod muxlis stadiondan kuzatdi
O‘zbekiston Superligasida muxlislar tashrifi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
O‘zbekiston Superligasida jamoalar o‘rtasidagi qizg‘in raqobat bilan bir qatorda, stadionlarga muxlislarning tashrifi ham yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.
O‘tgan 18-turda muxlislar tashrifi bo‘yicha eng yuqori natija Namangandagi “Markaziy” stadionida qayd etilgan. «Navbahor» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni 19 ming 540 nafar muxlis stadiondan kuzatgan.
«Buxoro» — «Neftchi» uchrashuvi “Buxoro FA” stadionida 9 ming 121 nafar muxlisni jamlagan bo‘lsa, Xorazm sport majmuasida «Xorazm» — «Lokomotiv» bahsini 6 ming 245 nafar ishqiboz tomosha qilgan.
Shuningdek, OKMK — «Dinamo» uchrashuviga 2 ming 416 nafar, «Paxtakor» — «Surxon» bahsiga 1 ming 835 nafar, «So‘g‘diyona» — «Qizilqum» uchrashuviga 1 ming 480 nafar muxlis tashrif buyurgan.
«Bunyodkor» — «Qo‘qon-1912» bahsini 538 nafar, «Mash’al» — «Andijon» uchrashuvini esa 432 nafar muxlis stadiondan kuzatgan.
Qayd etish joiz, muxlislarning stadionlarga tashrifi chempionatga bo‘lgan qiziqish va jamoalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faollikni namoyon etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA