Yangi yil arafasida pirotexnika vositalarining yoqimsiz shovqini avj ola boshlaydi. Biroq quloqni qomatga keltiradigan, bir lahzalik “zavq” ortidan tashvishli va hattoki qayg‘uli holatlar yuz berishi, katta-yu kichik aziyat chekishi, hatto butun umrga nogironlikka uchrashi tabiiy.
Mamlakatimizda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay ayrim “uddaburon”lar qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan normalarni mensimay, yangi yil yaqinlashgani sayin pirotexnika vositalarini respublikamizga olib kirishga urinmoqda.
Namanganda pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, chegara va olis, tog‘oldi va tog‘li hududlar, markaziy dexqon va buyum bozorlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, umumta’lim maktablari, mahallalar, jamoat joylarida pirotexnika buyumlari noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar uyushtirilmoqda.

Xususan, vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bog‘lovchi katta magistral yo‘l – Qamchiq dovoni hududida tun vaqtida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi “Namangan” yo‘l patrul xizmati maskanida dovon bo‘yicha YPX otryadi ikkinchi safarbarlik guruhi hamda viloyat IIB kinologiya xizmati tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida “paqildoq”larning “kontrabandasi”ga chek qo‘yildi.
“Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan oq rangli “Isuzu” rusumli 25 F 410 KA davlat raqam belgili yuk avtomobili to‘xtatilib tekshirilganida, 2001 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan haydovchi O. S. M. boshqaruvidagi ushbu transport vositasi yukxonasiga ortilgan qoplar ichida xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, 12 dona oq qopda jami 95 dona “Novыy VEK” nomli va 4 ming 750 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Ushbu xavfli buyumlar noqonuniy ravishda Qo‘qon shahridan Samarqandga olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etish kerak, mazkur pirotexnika vositalarining taxminiy narxi 18 million so‘mga yetadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EAV_isz9DGc" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Mazkur holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, portlovchi vositalar Pop tumani ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati inspektorlariga topshirildi.
Viloyatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri