18 dekabr – Xalqaro muxojirlar kuni
2000 yil 4 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 18 dekabrni Xalqaro migrantlar kuni deb e’lon qildi. 1990 yil xuddi shu kuni Bosh Assambleya tomonidan “Barcha mehnatkash migrantlar va ularning oila a’zolari huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya qabul qilindi.
“Migratsiya” va “migrant” atamalari keng qo‘llanishiga qaramay, bugungi kungacha ayni atamaning yagona talqini mavjud emas. Masalan, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ta’rificha, migratsiya – insonning odatiy yashash joyidan xalqaro chegara orqali yoki davlat chegarasi ichida ko‘chib o‘tishidir.
Dunyo bo‘yicha migrantlar soni hozir 300 millionga yaqinlashgan, bu dunyo aholisining 3,6 foiziga to‘g‘ri keladi. Ularning 135 millioni ayollar, 146 millioni erkaklar.
1970 yil dunyoda 84 millionga yaqin migrant bor edi, 1990 yil ular soni 153 millionga yetdi, so‘nggi 50 yil ichida ushbu raqam uch barobar ko‘paydi. E’tiborlisi, ichki migratsiya ko‘lami tashqi migratsiyaga qaraganda ancha keng.
Ko‘pchilik ishsizlik, maishiy muammo, ta’lim sharoiti kabi sabablarga ko‘ra, migratsiya qilishga majbur bo‘lmoqda. Ba’zilar harbiy to‘qnashuv, ta’qib, tabiiy ofat yoki boshqa fojiali hodisa tufayli o‘z uyi yoki mamlakatini tark etmoqda.
Aksariyat migrantlar Yevropa (87 million) va Osiyoda (86 million) istiqomat qiladi. Sayyoramizning bu ikki mintaqasiga dunyodagi barcha migrantlarning 61 foizi to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinda Shimoliy Amerika – 20,9 foiz.
Migrantlar soni eng ko‘p o‘sgan mintaqa – Lotin Amerikasi va Karib havzasida miqdor so‘nggi yillarda ikki barobar ko‘payib, qariyb 15 millionga yetdi. Okeaniyada 9 million yoki barcha migrantlarning 3,3 foizi istiqomat qiladi.
2019 yil dunyo bo‘ylab qariyb 169 million mehnat migranti bor edi, bu dunyodagi barcha migrantlarning uchdan ikki qismi yoki 62 foizini tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab migrantlarning 78 foizi mehnatga layoqatli 15-64 yoshli kishilar. O‘shanda mehnat muhojirlari orasida erkaklar 98,9 million kishini, ayollar 70,1 million kishini tashkil etgan. 102,4 million yoki jami mehnat migrantlarining 61 foizi uch mintaqa – Shimoliy Amerika, Arab mamlakatlari, Shimoliy, Janubiy va G‘arbiy Yevropada istiqomat qiladi.
M.Pirmatova, O‘zA