Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bilan yerlarni, ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarni saqlash bo‘yicha bir qancha vazifalar belgilab berildi.
–Joriy yil boshidan buyon oktyabr oyi oxiriga qadar umumiy 175 ta holatda 3,30 gektar yer maydoni fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Nukus shahar bo‘limi boshlig‘i A.Uzaqbayev. – Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularning har biriga ogohlantirish xati berildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 60 ta holatda 1,31 gektar yer maydonining shahar hokimligi zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi. 115 ta holatda esa 1,98 gektar bo‘sh yer maydonini zaxiraga qaytarish chorasi ko‘rilmoqda. Shuningdek, 93 ta holatda 1,74 gektar yer maydoni yuzasidan sudlarga da’vo arizasi kiritildi. Shundan 3 ta holatda 0,091 gektar yer bo‘yicha to‘plangan hujjatlar prokuraturaga o‘tkazildi.
Kadastr agentligi Nukus shahar bo‘limi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 205 nafar jismoniy va yuridik shaxsga 1 milliard 446 million 900 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Bo‘lim tomonidan o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va biznes-rejalari asosida noqonuniy yer egallashning oldini olish choralarini ko‘rmoqda. Jumladan, joriy yilning 9 oyi mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan 86 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ular tegishli tartibda o‘rganib chiqilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri