17 ming nafar o‘qituvchi 1000 AQSH dollaridan ziyod oylik maosh oladi
Jamiyatda o‘qituvchi mehnati qancha qadrlansa, ta’lim sifati ham shuncha yuksaladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda pedagoglarning daromadini oshirish, kasbiy mahorati va natijalarini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘qituvchilarning ish haqini oshirish ikki bosqichda va tabaqalashtirilgan tartibda amalga oshirildi. Shu bilan birga, pedagoglarga ish haqidan tashqari to‘lanadigan ustama va qo‘shimcha haqlar soni ham sezilarli ko‘paydi. Agar o‘tgan 2017-yilda umumta’lim maktablari xodimlari uchun bunday ustama va qo‘shimcha to‘lovlar 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni 40 dan ortiq.
Xo‘sh, kimlarga qancha ustama to‘lanadi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Departament direktori o‘rinbosari Muhammadtohir Rafiqovning so‘zlariga ko‘ra, bugun pedagogning faqat ish staji emas, balki uning bilimi, kasbiy mahorati va erishgan natijalari ham qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun asos bo‘lmoqda.
Mutaxassisga ko‘ra, direktor jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga 50 foizgacha ustama;
C1 darajali sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama;
attestatsiyada 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga 70 foiz ustama;
fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘qituvchilarga 150 foizgacha ustama;
sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natija ko‘rsatayotgan maktab xodimlariga 40 foizgacha ustama;
olis hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglarga ish stajiga qarab 50 foizgacha ustama;
ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga 100 foizgacha ustama;
fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasiga ega pedagoglarga 60 foizgacha ustama to‘lanmoqda.
Shuningdek, Vazir jamg‘armasi hisobidan malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama berish tizimi joriy etilgan.
Maktab rahbarlari ham rag‘batlantirish tizimidan chetda qolmayapti. Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga 50 foizgacha ustama to‘lanishi belgilangan.

Hozirda respublika bo‘yicha qariyb 17 ming nafar o‘qituvchining oylik ish haqi 1000 AQSH dollaridan ortiq miqdorni tashkil etmoqda. Bu esa pedagogning kasbiy malakasi va natijasiga qarab uning daromadini oshirish imkoniyatlari kengayib borayotganidan darak.
15 yillik mehnat stajiga ega oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab berilishi nazarda tutilgan. Bu maqsad uchun 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Shunday qilib, bugun pedagog uchun rag‘bat faqat oylik maoshida emas — kasbiy natija, malaka, ilmiy daraja, hudud va hatto uy-joy masalasida ham qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarida namoyon bo‘lmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA