17 milliard so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Davlat mablag‘ining har bir so‘mi manzilli va qonun asosida sarflanishi muhim. Shu bois Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarini muntazam nazorat qilib bormoqda.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar va kelib tushgan murojaatlar o‘rganilishi davomida qator davlat tashkilotlarida qonun talablariga zid holatlar aniqlandi. Gap umumiy qiymati 17 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlari haqida bormoqda.
Qonunbuzilishlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xizmatlar, yo‘l xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, irrigatsiya, bank va boshqa sohalardagi davlat buyurtmalarida kuzatilgan. O‘rganishlar davomida ayrim tanlov savdolarida raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan shartlar qo‘llangani aniqlangan.

Shu asosda buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlash joizki, davlat xaridlarida ochiq va halol raqobat ta’minlansa, byudjet mablag‘lari tejaladi, tadbirkorlar uchun teng imkoniyat yaratiladi va eng muhimi, davlat buyurtmalarining sifati oshadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA