16,5 milliard so‘mlik noreal qarzdorlik billing tizimidan chiqarildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi tomonidan aholining ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirildi.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori hamda Andijon viloyati hokimining 2025-yil 16-yanvardagi aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida xizmat sifatini o‘rganish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilishida belgilangan vazifalar asosida tashkil etildi.
Hududiy birlashmaga ichimlik suvi ta’minoti korxonasi tomonidan hisoblangan noreal qarzdorliklar yuzasidan iste’molchilardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida birlashmaning shahar va tuman jamiyatlari xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, abonentlarning hisob-kitoblari xatlovdan o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida iste’molchilarga amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar, hisob-kitoblardagi tafovutlar va texnik xatolar natijasida shakllangan noreal qarzdorliklar aniqlandi. Tegishli ma’lumotlar “Andijon suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqildi.
“Aholi abonentlarini xatlovdan o‘tkazish natijasida joriy yil 1-iyul kuniga qadar 16,5 milliard so‘m noreal qarzdorlik aniqlanib, billing bazasidan chiqarildi”, — deyiladi “Andijon suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori D. Qo‘ldashev imzolagan rasmiy xatda.
Shu tariqa, olib borilgan jamoatchilik nazorati va xatlov ishlari natijasida aholi zimmasiga asossiz hisoblangan 16,5 milliard so‘mlik qarzdorlik bekor qilinib, billing tizimidan chiqarildi. Bu esa iste’molchilarning huquqlari tiklanishi, ularning ortiqcha moliyaviy majburiyatlardan xalos etilishi va kommunal xizmatlar sohasida hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlashda muhim amaliy natija bo‘ldi.
Ayni paytda hududlarda aholi abonentlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda. Aniqlangan har bir holat yuzasidan iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish va murojaatlarga amaliy yechim topish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zA