164 ming 100 tonnalik marra zabt etildi
Mamlakatimizda bug‘doy yetishtirishning klaster usuliga o‘tkazilgani yerga, mulkka egalik hissini, g‘allakorlarning moddiy manfaatdorligini yanada oshirdi. G‘allachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida Buxoro viloyatida ham 65 ming gektar yerda 10 ta klaster korxonasi tashkil etildi.
Joriy yilda viloyatda bug‘doyning “Alekseyevich”, “Vassa”, “Grom” kabi saralangan navlari ekilib, sifatli parvarishlandi. O‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida dalalarda mo‘l hosil yaratildi. O‘rim-yig‘im tadbirlari ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.


Yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish uchun 190 ta kombayndan otryad shakllantirildi. Mavsumda otryadlarga 900 tadan ortiq yuk avtomobili, 32 ta ko‘chma ustaxona, 43 ta yonilg‘i tashish vositalari biriktirildi. Fermer xo‘jaliklariga mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallari va zarur moddiy yordam o‘z vaqtida yetkazib berildi. Muhimi, belgilangan shartnoma rejasi 20 ish kunida bajarildi.
Viloyat bo‘yicha davlatimiz g‘alla xirmoniga jami 164 ming 100 tonnadan ortiq g‘alla yetkazib berildi. Shundan 147 ming tonnasi tovar, 17 ming 100 tonnasi urug‘lik dondir. Ulkan xirmon yaratilishida Olot, Romitan, Vobkent, Qorako‘l, Jondor va Buxoro tumanlari dehqon va fermerlari jonbozlik ko‘rsatdi. Ayniqsa, Olot tumanidagi “Shukrullo O‘rin”, “Jo‘ra Qurbon”, “Gavhar oyim”, Romitan tumanidagi “Mo‘minabonu Abror”, “Ravshan Mirzo Olim”, “Savur Tolmas”, “G‘afurobod Zulfiya”, “Mansurbek Diyorbek Dilshod” fermer xo‘jaliklari har gektar maydondan o‘rtacha 90-100 sentner atrofida, Vobkent tumanidagi “Sobir Suxrob Bobir”, “Kundi Gavhar”, “Gulbahor Gulnora” fermer xo‘jaliklari dehqonlari 85-95 sentnergacha, Qorako‘l tumanidagi “Norqul Ota”, “Begandik”, Jondor tumanidagi “Jonibek Farhod”, “Botirjon” fermer xo‘jaliklari 85-90 sentner hosildorlikka erishdi.


Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, og‘ir iqlim va tuproq sharoiti bo‘lishiga qaramasdan viloyat mirishkorlari birinchi marotaba hosildorlikni o‘rtacha 82 sentnerdan oshirdi. Fermer xo‘jaliklari mirishkorlari tufayli joriy yilgi mavsumda yalpi sara bug‘doy xirmoni 530 ming tonnadan oshmoqda. Bu yil yetishtirilgan g‘alla hosilidan 1 trillion 410 milliard so‘mlik daromad olinishi kutilmoqda. Shundan viloyat g‘allakorlari qo‘lga kiritayotgan sof foyda salmog‘i naqd 620 milliard so‘mni tashkil etayotir. Qolaversa, shartnomaviy rejadan tashqari, 350 ming tonnadan ortiq hosil fermer xo‘jaliklari tasarrufida qoldirildi.


Shu kunlarda esa joylarda joriy yil hosilidan otaliqqa olingan kambag‘al oilalarga, aniqrog‘i, fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 17 ming 430 ta xonadonga 250 kilogramm atrofida, jami 4358 tonna miqdorida bug‘doy, shuningdek, 20 donadan, jami 348 ming 600 dona somon pressi yetkazib berilmoqda. Hozirda g‘alla o‘rim-yig‘imidan bo‘shagan 62 ming gektar maydonga takroriy ekin ekish ishlari boshlangan.
G‘alladan bo‘shagan maydonlardan 10 ming 649 gektari ayni paytda mahallalarda ijtimoiy muhofazaga olinib, alohida toifalangan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan o‘rin olgan jami 30 mingdan ziyod fuqaroga takroriy ekin yetishtirish uchun ajratib berilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.