2008 yil 15 oktyabrdan buyon “Butunjahon qo‘l yuvish kuni” (Global Handwasing Day) nishonlanadi. Har yili ushbu tadbir BMT Bosh Assambleyasi YUNISEF Bolalar jamg‘armasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan tashkil qilinadi.
Bu kun odamlarni qo‘l yuvishning sog‘liqqa ta’siri haqida xabardorligini oshirishga bag‘ishlangan. Butunjahon toza qo‘llar kuni shaxsiy gigiyena asoslariga xizmat qilishi maqsad qilingan.
Odam kaft bilan yuzini yopib aksiradi yoki yo‘taladi, keyin qo‘li bilan eshik tutqichidan yoki mashinaning dastagidan ushlaydi, siz ham xuddi shu tutqichdan ushlaysiz. Barcha viruslar va bakteriyalar sizning qo‘lingizda qoladi. Bu holat qo‘rqinchli emas. Muammo shundaki, biz ongsiz ravishda qo‘llarimiz bilan yuzimizga tegamiz. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ushbu holat soatiga o‘rtacha 23 marta, ya’ni kuniga yuzlab marta kuzatiladi.
Antiseptiklar, ro‘molcha, gel va boshqa alkogolli dezinfeksiyalovchi vositalar foydali bo‘lishi mumkin, lekin hech narsa oddiy sovunga yetmaydi. Sovun va suv kombinatsiyasi yuqumli kasalliklarga, shu jumladan, koronavirusga qarshi eng kuchli qurollardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois, JSST qo‘l yuvish imkoni bo‘lmasa, antiseptikni faqat sovunga muqobil sifatida qo‘llashni tavsiya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, qo‘llarni to‘g‘ri yuvish zarur, ya’ni ularni kamida 20 soniya davomida yaxshilab yuvish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kaftning tashqi tomoniga, shuningdek, barmoqlar orasidagi teriga e’tibor berish so‘raladi. Bu diareya bilan kasallanishni 40 foizdan ortiq va nafas yo‘llari infeksiyasini 25 foizga kamaytiradi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA