1,5 million talaba: mamlakat kelajagi uchun katta imkoniyat!
O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi so‘nggi yillarda sezilarli kengayish va tuzilmaviy o‘zgarishlar bosqichiga kirdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilida mamlakatda jami 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetgan.
Bu ikki ko‘rsatkich bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ta’limga talabning ortishi va tizimning kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda oliy ta’lim tashkilotlari soni 215 tani tashkil etsada, ularning hududlar bo‘yicha taqsimoti bir xil emas. Eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, bu yerda 98 ta oliygoh joylashgan.
Qolgan hududlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar ancha past:
Toshkent viloyati — 19 ta
Samarqand viloyati — 14 ta
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 11 ta
Buxoro viloyati — 11 ta
Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona — har biri - 9 tadan
Surxondaryo va Xorazm — 8 tadan
Namangan — 6 ta
Jizzax va Navoiy — 5 tadan
Sirdaryo — 3 ta
Bu taqsimot oliy ta’lim infratuzilmasi hali ham markazlashgan holda qolib ketayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni, imkoniyatlar poytaxt va yirik shaharlarda ko‘proq to‘plangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 215 ta oliy ta’lim tashkilotining 97 tasi nodavlat muassasalar hisoblanadi. Bu esa oliy ta’limda raqobat muhiti shakllanib borayotganini anglatadi.
Nodavlat oliygohlarning ko‘payishi talabalar uchun tanlov imkoniyatini kengaytirmoqda, ta’lim xizmatlarida raqobatni kuchaytirmoqda hamda yangi ta’lim dasturlari va yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Biroq, bir vaqtning o‘zida sifat nazorati va standartlashtirish masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, talabalar sonining 1,5 milliondan oshishi mamlakatda inson kapitaliga investitsiya kuchayganini ko‘rsatadi. Bu — katta ijtimoiy va iqtisodiy resurs.
215 ta oliy ta’lim tashkiloti va 1,5 milliondan ortiq talaba — bu O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining tez sur’atlarda transformatsiya bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Biroq, o‘sish bilan birga sifat, mintaqaviy muvozanat va mehnat bozori bilan integratsiya masalalari ham kun tartibida turibdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA