15 may — Xalqaro oila kuni
Oila — jamiyatning asosiy boshlang‘ich bo‘g‘ini, go‘zal urf-odatlar, milliy qadriyat va an’analarlarni o‘zida asrovchi, asrlar osha tarbiyada o‘ziga xos milliylikni shakllantiruvchi muqaddas maskan. Oila tinch bo‘lsa, mahalla tinch, jamiyat farovon, davlat mustahkam bo‘ladi.
Dunyo bo‘ylab 15 may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu kunning tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi yalpi yig‘ilishida 15 may kuni Xalqaro oila kuni deb belgilangan. Bundan asosiy maqsad dunyo jamoatchiligini oiladagi muammolarni bartaraf etish, oila qadriyatlarini mustahkamlash, munosabatlarni tartibga solishdir.
Mamlakatimizda yoshlarning turmush qurish oldidagi tayyorgarligidan to barpo etilgan oilaga e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etish, oila vakilllarining tibbiy, ijtimoiy, huquqiy xizmatlardan foydalanishi uchun imkon yaratish kabi qator yo‘nalishlarda zarur shart-sharoitlar qilinmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari oilalar bilan ishlab, ular holidan xabar oladi, notinch oilalarga yoxud ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratib, zarur ko‘mak ko‘rsatadi. Ushbu sana munosabati bilan joylarda qator tadbirlar, amaliy ishlar, uchrashuv va o‘rganishlar tashkil etiladi.
Mamlakatimizda oila institutining huquqiy asoslari ham mustahkamlangan. Oila kodeksi hamda qator qonun va qarorlar, qonunosti hujjatlari oilalar mustahkamligi yo‘lida zamin bo‘layotir. Birgina 2018 yil 27 iyun kuni qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida" gi Prezident qarorida oila institutini mustahkamlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning shu yil 1 martdagi farmoniga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Ushbu qo‘mita zimmasiga oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalar yuklandi. bugungi kunda qo‘mita oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida o‘z ishini jadal tashkil etmoqda.
Yurtimizdagi har bir oila davlatimiz himoyasida, jamiyatimiz e’tiboridadir. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida jami 8 million 871 ming 412 ta oila mavjud. Respublikamiz hududlari orasida eng ko‘p oilalar Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelgan. Viloyatdagi oilalar soni 1 million 23 ming 42 tani tashkil etgan.
Mamlakatimizda oilalar soni ko‘payaversin. Har bir oila tinch-osoyishta, farovon va baxtli bo‘lib, yurtimiz barqarorligiga asos bo‘laversin.
Muhtarama Komilova, O‘zA