15-martdan umumtaʼlim maktablariga taʼtil beriladi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu gap-soʻzlar qanchalik asosli?
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu gap-soʻzlar qanchalik asosli?
Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi oydinlik kiritdi.
Umumtaʼlim maktablarida koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli 15-mart kunidan boshlab taʼtil eʼlon qilinishi haqidagi gap-soʻzlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani odamlarda vahima uygʻonishiga sabab boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mazkur maʼlumot notoʻgʻriligini maʼlum qiladi. Oʻquvchilar oʻtgan yillarida boʻlganidek, 21-mart kunidan navbatdagi taʼtilga chiqadi. Taʼtil yetti kun davom etadi.
Taʼkidlash lozimki, Xalq taʼlimi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada. Shu bilan birga, ikki vazirlik maktablarda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha qoʻshma qaror qabul qilgan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi va ular maktablarga tarqatildi.
Xalq taʼlimi vazirligi zarurat tugʻilganda vaziyat rivojlanishi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib boradi.