15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni
Madaniyat va san’at millatning yuzi, qalbining ovozi, o‘tmishi va kelajagini bog‘lab turuvchi ko‘prikdir. O‘zbekistonda bu sohaning ildizlari juda chuqur. Bir paytlar kinoteatrlarda odamlar joy topolmay, yangi filmni ko‘rish uchun navbatda turgan davrlar ham bo‘lgan. O‘sha filmlar: “Shum bola”, “Mahallada duv-duv gap”, “Tohir va Zuhra” kabi asarlar nafaqat ekranda, balki xalq xotirasida yashab qoldi.
Bu filmlar shunchaki syujet emas edi. Ular orqali odamlar o‘zini ko‘rdi, o‘z muhitini tanidi, kuldi, o‘ylandi. Hatto ayrim iboralar xalq orasida naqlga aylandi. Demak, san’at insonga ta’sir qilish, uni tarbiyalash va jamiyatda muayyan qarashlarni shakllantirish kuchiga ega.
Bugun zamon o‘zgardi. Ilgari bir film butun mahallani birlashtirgan bo‘lsa, hozir har kim o‘z telefonida turli kontentni tomosha qilmoqda. Raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, turli platformalar — bular san’at uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Lekin shu bilan birga, raqobat ham keskin oshdi. Endi tomoshabinni ushlab turish oson emas, u sifat, mazmun va samimiyat talab qiladi.

Bugungi san’at inson qalbiga yetib boryaptimi? Yoki u faqat tez unutiladigan, bir kunlik mahsulotga aylanib qolyaptimi? Degan savol tug‘iladi. Chunki haqiqiy san’at vaqt sinovida toblanib, avloddan-avlodga o‘tadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, madaniyat va san’atga e’tibor — bu faqat bir sohani rivojlantirish emas. Bu millatning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, yosh avlodning didini shakllantirish va jamiyatni birlashtirish demakdir. Agar san’at kuchli bo‘lsa, jamiyat ham ruhan kuchli bo‘ladi.
Eng muhimi, bugungi ijodkorlar oldida milliylikni saqlab qolish va zamon bilan hamnafas bo‘lish vazifasi turibdi. Ana shu muvozanat topilsa, o‘zbek madaniyati va san’ati yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi shubhasiz.
Nigora Rahmonova,
O‘zA