14 ming 500 nafardan ziyod bolalar ota-onasi mehridan mosuvo boʻldi
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishida maʼlum qilindi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishida maʼlum qilindi.
Videokonferensiya tarzida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri birinchi oʻrinbosarining xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlash hamda yosh oilalar oʻrtasidagi ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Ayollarning ijtimoiy-psixologik jihatdan barqarorligi albatta, ularning bandligi orqali taʼminlanadi. Oʻzbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlardir. Shuning uchun ham mamlakatimizda aholi bandligi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi ayollarni ish bilan taʼminlash hisoblanadi.
Axborotda aynan ushbu maqsadga erishish yoʻlida qilingan ishlar, jumladan, ayollarni munosib ish bilan taʼminlash, ularni kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda oilada ayolning oʻrnini mustahkamlash, ularni ijtimoiy-psixologik himoya qilish orqali oilaviy ajrimlarga barham berish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 8 oyida xotin-qizlarning 14 ming nafari doimiy ishga joylashgan. Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga 179 ming 933 nafar, hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, tomorqa va boshqa yoʻnalishlarga 4 ming 404 nafari jalb etilgan.
Shu bilan birga, qoʻlida hunari bor, tadbirkorlikka malakasi yetarli 11 ming nafar xotin-qizga tijorat banklari tomonidan bir trillion soʻmdan ortiq kredit ajratilishiga koʻmaklashilgan. Xotin-qizlarni milliy hunarmandchilik (zardoʻzlik, kashtachilik, gilam toʻqish) kasblariga yoʻnaltirish maqsadida mahallalardagi usta-xunarmandlarga “ustoz-shogird” anʼanasi boʻyicha biriktirish va kasb-hunarga oʻrgatishga 4 ming 873 nafar ayol jalb etilgan. Hududiy “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tomonidan 12 ming 186 nafar xotin-qiz qisqa oʻquv kurslarida oʻqitilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Respublika xududlarida 2020-yilda ogʻir tyrmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini taʼminlash dastyri”ga muvofiq, joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 7 ming 706 nafar bandligi taʼminlanishi lozim boʻlgan ogʻir tyrmush sharoitida yashovchi xotin-kizlardan 5 ming 460 nafarining bandligi taʼminlangan.
Ishsizlik va kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 136 ta mahallada mahalla gyzarlari va boshqa boʻsh tyrgan joylarda kasb-hunarga oʻqitish maskanlari uchun joy aniqlanib, 2 ming 158 nafar xotin-qizni kasbga oʻqitish hamda ularning bandligini taʼminlash maqsadida roʻyxat shakllantirilgan.
Ishsiz, boquvchisi boʻlmagan, yolgʻiz onalar va muammosi bor xotin-qizlar bilan manzilli ishlash boʻyicha “Ayollar daftari”ni mahalla boʻyicha yuritish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ishlash niyatida boʻlgan uy bekalarining ixtisosliri boʻyicha bandligini taʼminlash va ishga joylashtirish yuzasidan Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Aniqlangan 1 ming 400 nafar ayolni ishga joylashtirish yuzasidan anik vazifalar belgilangan.
Deputatlar amalga oshirilgan ishlarni eʼtirof etgan holda mazkur yoʻnalishdagi ayrim kamchiliklarga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, hududlarda 20 mingga yaqin ayollar ogʻir turmush sharoitida yashayotgani, ularning aksariyati profilaktik hisobda turishi, bu albatta, qilingan ishlardan koʻra qilinadigan ishlarning hali yetarli emasligidan dalolat ekani qayd etildi.
Respublikada 2020-yilning 8 oyi davomida 16 ming 878 ta oilaviy ajrim roʻyxatga olindi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4 ming 333 taga kam. Ammo mazkur ajrimlar natijasida joriy yilning oʻzida respublika boʻyicha 14 ming 500 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan. Toʻliqsiz oilada voyaga yetayotgan farzandlarning tarbiyasi ogʻir oqibatlarga olib kelayotgani, bu boʻyicha vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar yetarli boʻlmayotgani tanqid qilindi.
Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasida qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar
oʻrtaga tashlandi.
Yigʻilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil etildi. Yigʻilish yakunida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.