Shengen shartnomasi 1985 yil 14 iyun kuni Yevropaning besh davlati – Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Germaniya tomonidan imzolangan. Ushbu hujjat chegaralarda pasport va viza nazoratini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvdir.
Germaniya va Fransiya bilan chegara yaqinida joylashgan Lyuksemburgning kichik shaharchasi – Shengenda imzolangan mazkur bitim 1995 yil 26 martda kuchga kirgan.
Shartnoma ishtirokchi davlatlar hukumati va boshqa ijro idoralari tomonidan chegara nazoratini bekor qilish hamda umumiy chegaralarda odam, tovar va xizmat erkin harakatlanishiga ko‘maklashadigan qator chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
1990 yil 19 iyunda Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Germaniya erkin harakatlanish shartini belgilovchi Shengen bitimini amalga oshirish to‘g‘risidagi konvensiyani imzoladi. Shu tariqa 1985 yil tasdiqlangan hujjat 1990 yilgi konvensiya bilan birga Yevropa Ittifoqi qonunlaridan alohida huquqiy hujjat sifatida amalga tatbiq qilindi.
1999 yil may oyida Amsterdam shartnomasi kuchga kirdi va YeI bitimiga o‘zgarish kiritildi. Ya’ni, Shengen bitimini amalga oshirish va qo‘llash to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari YeI qonunchiligiga uyg‘unlashdi.

Hujjat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan barcha davlatlar quyidagi tartib qayd etilgan Shengen qoidasini majburiy qabul qilishini nazarda tutadi:
– a’zo davlatlar ichki chegara va bojxona nazoratini bekor qilish;
– a’zo davlatlarning barcha tashqi chegaralarida yagona kirish-chiqish qoidasini joriy etish;
– a’zo davlatlar huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
– ekstraditsiya qilishning yagona qoidasini joriy etish, viza va chegaradan o‘tish joylari (SISNET) bo‘yicha “Shengen” ma’lumotlar bazasini yaratish.
Shengen qoidasi a’zo davlatlarga mamlakat ichki xavfsizligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda ma’lum bir muddat muayyan shaxslar harakatlanishi erkinligiga cheklov joriy etish huquqini ham beradi.

Hozir Shengen hududiga Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Italiya, Islandiya, Ispaniya, Latviya, Litva, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Finlyandiya, Shveysariya, Shvetsiya va Estoniya kiradi.
Shengen vizasi shartnomaga a’zo har qanday davlatga vaqtincha sayohat qilish imkonini beradi. Sayohat sababi va qolish muddati viza turini belgilaydi.
Ushbu yagona viza (C toifasi) ishtirokchi mamlakatlarga istalgan 180 kunlik muddatda 90 kungacha erkin sayohat qilish imkonini beradi.
S.Rahimov,O‘zA