Auditorlik xizmati takomillashmoqda
Poytaxtimizda buxgalterlik hisobi va auditni yanada takomillashtirish yo‘llari mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mas’ul xodimlari, auditorlik tashkilotlari rahbarlari, amaliyotchi buxgalterlar, olimlar ishtirok etdi.
Poytaxtimizda buxgalterlik hisobi va auditni yanada takomillashtirish yo‘llari mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mas’ul xodimlari, auditorlik tashkilotlari rahbarlari, amaliyotchi buxgalterlar, olimlar ishtirok etdi.O‘zbekiston auditorlar palatasi raisi N.Karimov, buxgalterlar, auditorlar va konsultantlar federatsiyasi raisi N.Ibragimov, buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi raisi M.To‘laxo‘jayeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buxgalteriya va audit sohasini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida moliyaviy ishlarning barqarorligi ta’minlanayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 2-iyuldagi “Auditorlik tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2014-yil 22-avgustda imzolangan “Auditorlik tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari bunda dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Hozir mamlakatimizda 100 dan ortiq auditorlik tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Bunday tashkilotlar xizmatiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Jumladan, korxona va tashkilotlarga 2006-yilda 4,5 milliard so‘mlik auditorlik xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2013-yilda 34 milliard, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 40 milliard so‘mdan oshdi.
– Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda barcha xizmatlarni avtomatlashtirish orqali xodimlar va mijozlar vaqtini tejashga, hujjatlarni tizimlashtirish orqali sifatli audit xizmati ko‘rsatishga harakat qilmoqdamiz, – deydi O‘zbekiston auditorlar palatasining ijrochi direktori R.Haydarov. – Mamlakatimizda xalqaro tizimda xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘layotgan auditorlik tashkilotlari yil sayin oshmoqda. Ular orasida audit xizmatlarining ishonchliligi, raqobatbardoshligi hamda xodimlarining malakasi xalqaro sifat standarti ISO 9001:2000 sertifikatiga loyiq topilganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Mamlakatimizdagi turli tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar faoliyati tobora kengaymoqda. Bu esa audit va buxgalteriya xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishiga xizmat qilmoqda. Auditorlik tashkilotlari nafaqat tekshiruvchi, balki tashkilotlardagi kamchiliklarni bartaraf etishda o‘z takliflarini beruvchi ko‘makchilarga aylanmoqda.
Anjumanda auditorlik tekshiruvlarida xolislik, moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun asosli xulosalar berish, soliq borasidagi hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va samaradorlikni oshirish, sohadagi zamonaviy bilimlarni oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiya doirasida “Yilning eng yaxshi auditori”, “Yilning eng yaxshi ichki auditori», “Yilning eng yaxshi buxgalteri” tanlovlarining g‘oliblari aniqlandi.