127 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi bo‘yicha xatlov ishlari o‘tkazildi
Davlat byudjeti daromadlarining barqarorligini ta’minlash, soliq intizomini mustahkamlash hamda soliq to‘lovchilarning majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishini ta’minlash maqsadida poytaxtda soliq qarzdorligini qisqartirishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi rahbariyati hamda Majburiy ijro byurosi (MIB) hamkorligida soliq qarzdorligi mavjud korxonalarda xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbirlar davomida 34 ta korxonaning jami 127 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi yuzasidan xatlov ishlari olib borildi.
Xususan, 19 ta korxonaga tegishli 41 ta avtotransport vositasi xatlov qilindi. Ular orasida «GRAND ROAD TASHKENT» MCHJga tegishli Mercedes-Benz hamda «PERSPECTIVE-BUILDING» MCHJ balansidagi Hyundai Sonata DN8 Luxe rusumli yengil avtomobillar ham mavjud.
Shuningdek, soliq qarzi mavjud 15 ta korxona tasarrufidagi 29 ta bino va inshoot ham xatlovga olindi.
Tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida davlat byudjetiga 13,1 milliard so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini undirish ta’minlandi.
Soliq qarzdorligini qisqartirish, byudjet tushumlarini ko‘paytirish va soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Soliq organlari tadbirkorlik sub’ektlarini soliq majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarishga chaqirib, bu davlat byudjeti daromadlarining barqarorligi hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarini moliyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA