120 ming 822 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonga kungaboqar ekiladi
Yer yuzida iqlim o‘zgarishi natijasida sodir bo‘layotgan tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi vaziyatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirmoqda. Oqibatda dunyo oziq-ovqat bozorlarida narx-navo ko‘tarilib bormoqda.
Koronavirus pandemiyasi esa mazkur muammoning keskin tus olishiga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina pandemiya tufayli jahonning ko‘plab mamlakatlarida oilalarning moddiy ahvoli darajasi pasayishi kuzatildi, 120 million kishi o‘ta qashshoqqa aylandi, 114 million nafarga yaqin odam o‘z ishini yo‘qotdi. Jahon iqtisodiyoti so‘nggi 90 yildagi eng yomon tanazzulni boshdan kechirmoqda.
Yuzaga kelayotgan qaltis vaziyat sabab oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifaga aylandi. Shu bois BMT bugun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash bo‘yicha yondashuvni mutlaqo o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidlayapti.
Mamlakatimizda ham ijtimoiy tarmoqlarda kungaboqar va paxta yog‘i narxlari keskin oshganligi keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda o‘simlik yog‘i mahsulotlari narxlari o‘zgarishi tahlil qilinganda, ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishining asosiy sabablaridan biri tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi, o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi munosabati bilan asosiy yetkazib beruvchilardan bo‘lgan qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddati uzaytirilishining ta’siri ekanligi aniqlangan.
Belgilab qo‘yilgan me’yorlarga muvofiq, respublika bo‘yicha yiliga 300 ming tonnadan ortiq o‘simlik yog‘i talab etiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda aholi iste’moli uchun 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i sotuvga chiqarilgan bo‘lib, shundan yarmidan ortiqrog‘i import qilingan. O‘z navbatida, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yog‘i va urug‘i narxlarining oshishi mahalliy paxta yog‘i narxlariga ham bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, mahsulotga bo‘lgan talabni qondirish uchun ichki bozorda taklif yetarli darajada ekanligi ham ma’lum bo‘ldi.
Yuzaga kelayotgan muammolar hisobga olinib, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari va uning xomashyo resurslari yetishtirishda mutlaqo yangi yo‘nalishdagi ishlar tashkil etilmoqda. Xususan, keng maydonlarda moyli ekinlar yetishtirish hisobiga aholini mahalliy sharoitda yetishtirilgan o‘simlik moyi bilan ta’minlash borasida yangicha yondashuvlarga qo‘l urilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi qarorida joriy yil 370 ming 650 gektar maydonda moyli ekinlar yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Bu respublikada moyli ekinlarni joylashtirish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shunga qaramay, Vazirlar Mahkamasining “Respublikada kungaboqar yetishtirish samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonida takroriy ekin sifatida yana qo‘shicha ravishda 64 ming 241 gektar maydonga kungaboqar ekilishi belgilab berildi.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, g‘alladan bo‘shagan 56 ming 561 gektar emas, balki 120 ming 822 gektar maydonga kungaboqar urug‘i qadaladi. Natijada faqatgina takroriy ekin sifatida kungaboqar yetishtirilgan maydonlardan 145 ming tonna moyli xomashyo yig‘ishtirib olinadi va o‘rtacha 50 ming tonna kungaboqar moyi ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 56 ming 561 gektar asosiy maydonga kungaboqar urug‘i qadalib, 85 ming tonna hosil va 30 ming tonna kungaboqar moyi olinishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, joriy yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan 230 ming tonna kungaboqar xomashyosi va uni qayta ishlash hisobiga 81 ming tonna pista moyi ishlab chiqariladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA