12 yoshda IELTS'dan 7 ball — orzulari osmon Muhammadamin (+video)
Olimlar til o‘rganish xotiraning mustahkamlanishi, diqqatni jamlash, ijodiy va tasavvur boyligining o‘sishi, nutqning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlashgan. Chet tilini o‘rganishni erta boshlagan bolalar odatda tengqurlariga qaraganda yuqori aqliy salohiyatga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, til o‘rganish jarayonining o‘zi bolaga ko‘plab ijobiy kechinmalar ulashadi.
Bugungi qahramonimiz Jaloliddin xalqaro maktabining 6-sinf o‘quvchisi Muhammadamin Qaharov, yosh bo‘lishiga qaramasdan shunday ko‘p yutuqlarga erishganki, sanab sanog‘iga yetolmaysiz. Matematikaga bo‘lgan qiziqishi uni bugungi kungacha mental arifmetikadan yuqori natijalarga yetaklagan bo‘lsa, IT yo‘nalishida dasturlash tilini o‘zlashtirib bugun o‘zi bemalol o‘yinlar va saytlarni yarata olishi bizni xayron qoldirdi. Shahmat bo‘yicha g‘oliblik o‘yinlari uni xalqaro grossmeysterlik orzusi tomon yetaklab borayotgan bir vaqtda xalqaro ingliz tili test tizimi bo‘lgan IELTS'dan 7 ballni qo‘lga kiritishi nafaqat tengdoshlari balki biz kattalarni ham havasini keltirdi.
Darhaqiqat, bugungi kun o‘zbek bolasi judayam baxtli. Zero, o‘qib o‘rganishi, ta’lim olishi uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Muhammadamin kabi iqtidorli yoshlar bugun o‘z bilimlari bilan dunyo minbarlarini zabt etib kelmoqdalar.
Bugungi lavhamiz qahramoni ham jajji qalbida osmon qadar orzu maqsadlari sari dadil qadam bosib borayotgani, har bir yurtdoshimizda faxr va kelajakka bo‘lgan ishonchni oshirgani aniq. Fursatdan foydalanib, Muhammadaminning barcha orzu maqsadlariga yetishib, dunyoga mashhur "o‘zbek o‘g‘loni" bo‘lishiga tilakdoshmiz.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov,
Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA