12 million so‘m maosh olayotgan buxorolik o‘qituvchi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, 2004 yilda o‘z faoliyatini boshlagan buxorolik Feruza Jo‘rayeva oliy o‘quv yurtida qunt bilan egallagan bilimlarini amaliyotda mohirona qo‘llashga kirishdi. Bu borada tajribali ustozlarning maslahatlariga tayandi. 2013 yilda Gyote institutining granti asosida Germaniya davlatida bo‘ldi. Boshlang‘ich sinflarda chet tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha malaka oshirib qaytgani uning faoliyatida yangicha bosqichni boshlab berdi.
Germaniya, shuningdek, ta’lim sifati bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgan qator mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda pedagogik salohiyatini oshirishga, til o‘rgatishda o‘z usullarini yaratishga kirishdi. 2013-2014- o‘quv yilida muallima ilk bor “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida ishtirok etdi. Viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, qat’iyatini yanada mustahkamladi. 2017 yilda Feruza Jo‘rayeva xalq ta’limi vazirligi hamda Gyote institutining “Ta’lim sohasidagi hamkorlik” loyihasi asosida ikkinchi marta Germaniya davlatida bo‘ldi. Bu yerda u “Chet tillarini o‘qitishni o‘rgatish” mavzusidagi seminarda ishtirok etdi. O‘z bilim va tajribalarini boyitib qaytdi. O‘rganganlari asosida viloyat pedagoglarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida trenerlik faoliyatini olib bordi.
Har doim yuksak maqsadlarni ko‘zlab, qat’iyat va sabot bilan izlangan tirishqoq muallima Feruza Jo‘rayeva 2017-2018 o‘quv yilida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblar qatoridan joy oldi. Shu yili “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2018-2019 o‘quv yilida esa uning muallifligida yaratilgan uslubiy tavsiya “Eng yaxshi metodik tavsiya” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘ringa loyiq topildi. 2020 yilda muallima o‘quvchisi bilan birgalikda Germaniya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “O‘qib tushunish” tanlovida muvaffaqqiyatli ishtirok etdi. Maxsus sertifikat bilan taqdirlandi. 2018-, 2021- yillarda ilg‘or ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi. Xalqaro S1 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.
O‘z kasbiga borini baxshida etgan muallima bugun mehnatlarining samarasini ko‘rmoqda. Endilikda u o‘quvchilarining mehri, hamkasblarining e’tibori va el hurmatiga sazovor ustoz. Maktabdagi maoshi esa 12 million so‘mdan ortiq.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri