Dunyoda millionlab bolalar hayot uchun xavfli mehnatga jalb etiladi
Bolalar mehnatidan foydalanish o‘z o‘rnida ularning salomatligi, aql-zakovati va idrokiga salbiy ta’sir etib, kelajakka ishonchsiz va umidsiz ruhda bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois bolalar mehnatiga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sezilarli ishlar amalga oshirildi.
12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni bo‘lib, har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Ushbu kunni belgilash g‘oyasi 1997 yil Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan konferensiyalarda yuzaga kelgan. 2002 yil Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan 12 iyun rasman Bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan. Global muammolar ko‘lamiga ko‘ra, hozir dunyo bo‘ylab ishlayotgan (5-17 yosh) bolalarning aksari bugungi ko‘rinishdagi quldorlik qurbonlari hisoblanadi va yana millionlab bolalar hayot uchun xavfli bo‘lgan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumati sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2018 yil AQSH O‘zbekiston paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi.
XMT bilan faol hamkorlik natijasida mazkur tashkilotning «Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 182-konvensiyasi ratifikatsiya qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017 yil 4 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha parlament nazorati instituti joriy etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan majburiy mehnatga qarshi kurashish yanada kuchaytirildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA