Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmalari tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va 2025 yilda rejalashtirilgan ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan 2024 yilda yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha 1576 ta holatda jami 187,9 gektar yer maydonlari aniqlandi.
– Viloyatda qishloq xo‘jaligi yerlarida 109 ta, aholi punktlari yerlarida 1 060 ta, sanoat, transport, aloqa mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarda 87 ta, o‘rmon fondi yerlarida 6 ta, suv fondi yerlarida 10 ta va zaxira yerlarda 304 ta holatda yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati mavjud, – deydi agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elbek Eshpo‘latov. – Berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 1245 ta holatda 106,7 gektar maydondagi qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlandi. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarida qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga 242 ta da’vo arizalari kiritildi. Yerga oid qonun buzilishi holatlarida jinoyat alomatlari kuzatilgan 3 ta ish hujjatlari o‘rnatilgan tartibda prokuratura organlariga yuborildi. Yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish va zaxira yer fondiga qaytarish bo‘yicha tuman hokimliklariga 111 ta taqdimnoma kiritildi.
[gallery-21507]
Olib borilgan nazorat tadbirlarida viloyat bo‘yicha 1252 nafar jismoniy hamda yuridik shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja grafikka asosan 26 ta mahallada xatlov ishlari olib borilgan. Joriy yilda esa 102 ta mahalla fuqarolar yig‘inida xatlov ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Xatlov ishlariga 70 nafardan ortiq xodim jalb etilgan.
Xatlov ishlari dala hamda kameral ishlari ko‘rinishida amalga oshirilmoqda.
Dala ishlarida kadastr muhandislari tomonidan har bir ko‘chmas mulkning bino inshootlarini o‘lchash bilan bir qatorda ularning konstruktiv elementlari hamda yer uchastkalarining amaldagi chegaralari aniqlanadi. Kameral ishlarda esa dala ishlari natijalarini to‘plash, tahlil qilish, bino-inshootlar chizmalari va yer uchastkasi chegaralarini chizish, topografik xaritalarni yaratish ishlari bajariladi.
Matbuot anjumanida Davlat kadastrlari palatasining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan vazifalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yakunlangan yilda jismoniy va yuridik shaxslardan elektron dastur orqali ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 49 ming 808 ariza kelib tushgan. Ularning 34 ming 257 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 13 ming 95 tasi Davlat xizmatlari markazi va boshqarma tomonidan rad qilingan, qolgani to‘lov to‘lash jarayonida.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 3 ming 209 ta ipoteka shartnomalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
– Bugungi kunda viloyatda ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 281 ming 545 tani tashkil etib, ularning 172 ming 637 tasi yakka tartibdagi turar joylar, 33 ming 792 tasi noturar joylar, 81 ming 571 tasi esa ko‘p qavatli uylardagi kvartiralardir, – deydi palataning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Olimov. – 2024 yilda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha “Davreestr pro-2” dasturi orqali 18 ming 166 tadan ziyod ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning 13 ming 122 tasi yakunlangan, 4 ming 293 tasi rad qilingan, 128 tasi to‘lov jarayonida va qolgan arizalar ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, “uzkad”dasturi orqali qariyb 6 mingga yaqin ariza kelib tushgan. 113 ta mahallaning sxematik xaritasi va tavsifi ishlab chiqilib, xalq deputatlari tuman Kengashlari qarorlari qabul qilindi.
Matbuot anjumanida davlat yer kadastrini yuritish, yerlarni auksionga qadar aniqlash va dasturga joylashtirishni tashkil qilish, arxiv ishi sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari