11-sinf o‘quvchilari uchun qur’a tashlash jarayonlari boshlandi
2025–2026 o‘quv yili yakunida umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasiga tayyorgarlik izchil davom etmoqda. Ayni paytda attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha imtihon variantlarini aniqlash maqsadida qur’a tashlash tadbirlariga start berildi.
Bugun 11-sinf o‘quvchilari uchun Ona tili va adabiyot (davlat tilida ta’lim olinmaydigan sinflar uchun Davlat tili) fanidan imtihon variantlarini tanlash bo‘yicha qur’a tashlash jarayonlari o‘tkazilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan yozma imtihonlar uchun tayyorlangan variantlar orasidan imtihon sanasidan bir kun avval qur’a tashlash yo‘li bilan 2 ta variant tanlab olinadi. Bu jarayon shaffoflik va xolislik tamoyillarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur tartib barcha bitiruvchilar uchun teng shart-sharoit yaratish, bilim va ko‘nikmalarni adolatli baholash hamda imtihonlarni ochiq va shaffof tashkil etishga qaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA