Yerning sifati yaxshilanib, unumdorligi oshmoqda
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmog‘ini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarning unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish bo‘yicha Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmog‘ini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarning unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish bo‘yicha Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.Prezidentimizning 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
“Chirchiq-Ohangaron” irrigatsiya tizimlari va havza boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, viloyatda o‘tgan yili mazkur hujjat ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq, ekin maydonlariga suv chiqarish va sug‘orishga ixtisoslashgan obyektlarni ta’mirlashga 10 milliard 440 million so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilgan. Xususan, Piskent tumanidagi Tuyabo‘g‘iz kanalining chap irmog‘ida joylashgan suv chiqarish inshooti va 2,597 kilometr nazorat yo‘li rekonstruksiya qilingan. Chinoz tumanida “Oxunboboyev” nasos stansiyasidagi bosimli quvur qayta tiklangan. Parkent magistral kanalida o‘pirilish holatlari kuzatilgan va nisbatan xavfli bo‘lgan ayrim uchastkalar betonlangan. Shu singari qurilish-rekonstruksiya ishlarining sifatli bajarilishi bir qator sug‘oriladigan ekin maydonlarida suv ta’minotini yaxshilash, qariyb besh million metr/kub suvni tejash imkonini bergan.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Zangiota tumanidagi "Jun" va Chinoz tumanidagi R-17 kanallari, Piskent tumanida “Uchtepa”, Bekobod tumanida K-2-4 nasos stansiyalari quvurlari qayta tiklanayotir.
Mutaxassislarning fikricha, melioratsiya tadbirlarining sifatli bajarilishi tuproqda ekinlarni yetishtirish uchun qulay bo‘lgan suv va havo, harorat va oziq rejimini, atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida havoning harorati hamda harakatini o‘zgartirish imkonini beradi. Natijada yangi yerlar o‘zlashtirilib, ekin maydonlari kengayadi, yerning unumdorligi ortib, hosildorlik oshadi, mahsulot sifati yaxshilanadi. Muxtasar aytganda, melioratsiya tadbirlari ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan birga ayrim ekologik muammolarni ham ijobiy hal etadi.
– Biz ham ushbu fikrga tayanib, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi “Chirchiq-Ohangaron” irrigatsiya tizimlari va havza boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonov. – 2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan hududiy dastur asosida 42 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan yillarda ushbu loyihalarning yigirmatasi bajarildi. Natijada 27 ming 673 gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi. Joriy yilda 23,2 kilometr uzunlikdagi kollektorlarni rekonstruksiya qilish, ikki inshoot, 10 meliorativ tik va 53 kuzatuv qudug‘ini qurish, 745,3 kilometr uzunlikdagi kollektorlarni tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi.
Erlarning meliorativ holatini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish jarayonida fermerlardan ziyraklik talab etiladi. Ular mavsum avvalida o‘z tasarrufidagi sug‘orish tarmoqlari va ulardagi suv inshootlarini sifatli ta’mirlashi, ariqlarni vaqti-vaqti bilan loyqadan tozalab turishi kerak. Hozirgi hamal oyida suvni dalada olib qolish, yerning sho‘rini yuvish kabi bir qator muhim yumushlar o‘z vaqtida sifatli bajarilsa, kelgusida yerning suvga bo‘lgan talabi ma’lum miqdorda qondiriladi. Bu suvga ehtiyoj ko‘p bo‘lgan davrlarda obi hayot taqchilligining oldini oladi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish bahorgi ekishdan oldin yerni sug‘orishga qay darajada tayyorlashdan boshlanadi. Agar yerni shudgor qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilsa, sug‘orish tizimi izdan chiqadi. Daladagi ekin bir maromda qonib suv ichmaydi. Oqibatda suv sarfi ko‘payib, tuproqning namlik darajasi oshadi.
Mazkur jarayonda samarali usul va ilg‘or texnologiyalar, xususan, tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyatda tomchilatib sug‘orish tizimi va suvni tejaydigan boshqa texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilayotir. 2013-yilda 257 gektar maydonga shunday tizim joriy etilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 360 gektarga yetgani fikrimizni isbotlaydi.
– Tumanimiz Chirchiq va Ohangaron daryolarining quyi oqimi oralig‘ida joylashgani bois hududdagi ayrim yerlarda namlik va sho‘rlanish darajasi biroz yuqoriligi kuzatiladi, – deydi Quyi Chirchiq tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Abduxalil Mahamatov. – Bilasiz, ayni mana shunday xususiyatga ega, ya’ni, sharqdan g‘arbga pasayib borgan yerlarning sho‘rini ketkazish va tabiiy holatini tiklashda melioratsiya tadbirlarini maromiga yetkazib qo‘llash hamda tomchilatib sug‘orish tizimini tatbiq etish juda muhim. Ayni shu maqsadda ikki daryoning muayyan irmoqlari, ichki suv lotoklari ta’mirlandi. Natijada suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Yerlarning tabiiy holati bir muncha tiklandi. Ko‘pgina fermer xo‘jaliklari tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanayotir.
“Ermatov Abdurahim” shunday fermer xo‘jaliklaridan biri.
– Xo‘jaligimizning umumiy ekin maydoni 65 gektar. 2014-yili 30 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etdik, – deydi xo‘jalik rahbari Abdurahim Ermatov. – Bu tuproqdagi namlik hamda sho‘rlanish darajasini ancha kamaytirdi. Mo‘l hosil ola boshladik. Muhimi, katta miqdorda suv tejalishiga erishilmoqda.
Viloyatda yerning sifatini yaxshilash, suvdan tejab foydalanish, shular hisobidan hosildorlikni oshirish, pirovardida aholi turmush darajasini yanada ko‘tarish bo‘yicha qilinayotgan bunday ezgu ishlarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.