103 yoshli Mamasharif bobo yurtga tinchlik tiladi
9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbarining joriy yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham urush qatnashchilari, nogironlari va frontorti mehnat faxriylarining holidan xabar olinmoqda.
Bugun Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 103 yoshli Mamasharif bobo Sodiqovning xonadonida viloyat, tuman hokimliklari, Markaziy harbiy okrug, Ichki ishlar, Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari, huquq-tartibot idoralari, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi mas’ullari, o‘quvchi-yoshlar hozir bo‘lib, otaxonning holidan xabar oldilar, bayram bilan qutladilar.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning shaxsan Mamasharif bobo Sodiqovga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib berdi. Yurtboshimiz farmoni bilan bir martalik 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini va “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medalini tantanali ravishda topshirdi.
[gallery-23255]
Mamasharif bobo Sodiqovning xonadonida shu kuni haqiqiy bayram bo‘ldi. Sharof Rashidov tumani umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda tuman madaniyat uyi qoshidagi havaskorlar tomonidan ona- yurt, tinchlik, mustaqillikni ulug‘lovchi, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani sharaflovchi she’r, qo‘shiqlar yangradi, harbiy orkestr ijrosidagi tantanavor kuylar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Ayni chog‘da 103 yoshni qarshilagan urush faxriysi Mamasharif bobo Sodiqov o‘z mehnat faoliyati va ibratli hayoti bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan. U halol mehnat qilib, farzandlarini kamolga yetkazdi. Bugun esa farzandlari, nevara, chevara, evaralarining, qolaversa, hukumatimizning doimiy e’tibor va ardog‘ida.
– Yangi O‘zbekistondek jannatmakon yurtda yashayotganim mening baxtim bo‘lsa kerak, – deydi Mamasharif bobo. –Tibbiyot xodimlari doimiy ravishda sog‘ligimni nazorat qilib turishadi.
Bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishimiz, behisob shukrlar aytishimiz kerak. Osmonimiz hamisha musaffo, xalqimiz farovon, yurtimiz tinch va obod bo‘lsin.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari