10000 dan ortiq xonadonda elektr ta’minoti tiklandi
Noqulay ob-havo sharoitida aholi orasida yuzaga kelayotgan kommunal tizimlardagi uzilishlarni bartaraf etish maqsadida Milliy gvardiya tomonidan maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tashkil etilgan shtabga poytaxtimizning Sirg‘ali, Mirobod, Yakkasaroy, Yangihayot va Uchtepa tumanlaridan birgina o‘tgan kun damomida elektr energiyasi uzilishi bilan bog‘liq 417 ta xabar kelib tushgan. Olib borilgan ta’mirlash ishlari natijasida 144 ta murojaat bo‘yicha elektr energiyasi ta’minoti tiklandi hamda 273 ta murojaat bo‘yicha ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Umuman, 16-18 yanvar kunlari aholidan elektr ta’minoti tizimidagi nosozliklar yuzasidan 1259 ta murojaat kelib tushgan. Shu soatga qadar 569 ta nosozlik bartaraf etilgan. 690 ta murojaat bo‘yicha ishlar davom ettirilib, ayni kungacha 10000 dan ortiq xonadonda elektr ta’minoti tiklangan.

Aholidan kelayotgan gaz ta’minoti sifatiga oid shikoyatlarning aksariyati past bosim va gazning sizib chiqishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ularning 95 tasi bartaraf etilib, 15 ta ariza bo‘yicha ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Maxsus ishchi guruh a’zolari hamda mutasaddilar ko‘magida aniqlangan kamchiliklar, texnik nosozliklarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

O‘zA